Breaking News

Byudjet qisqarishiga qaramay Vashingtonda turizm gurkirayapti


Poytaxtni Segvey, ikki g'ildirakli aravada kezib.
Poytaxtni Segvey, ikki g'ildirakli aravada kezib.
AQShda byudjet 85 milliard dollarga kesilishi Vashingtonda turizmga ziyon qilishi kutilgan edi. Oq uyda, masalan, an’anaviy turlar bekor qilindi, park va muzeylarda ish soati qisqargan.

Ammo yozning ilk kunlaridanoq sayyohlar gurillab oqib kela boshlagan. Aksariyat turistlar biror o’zgarish sezmadik, deydi.

Byudjet qisqarganidan beri Fazoviy tadqiqotlar muzeyiga tashrif buyurgan tomoshabinlar soni oshdi. Vashingtonda bu va boshqa muzeylarni yuritadigan Smitson institutining byudjeti bu yil 42 millionga kamaygan edi. Lekin institut matbuot kotibi Linda Tomasning aytishicha, turizmga aloqador dasturlarning aksariyatiga tegilmagan:

“Remont ishlariga kamroq pul sarflayapmiz. Xodimlar avvalgiday ko’p safarga chiqmaydi. Odam yollamay qo’ydik. Muhimi sayyohlar bilan bog’liq loyihalar o’sha-o’sha qoldi”.

Byudjet kamayishi natijasida Smitson tomonidan yuritiladigan 16 muzeyda faqat uchta ko’rgazma yopildi. Milliy arxivda, Mustaqillik deklaratsiyasi saqlanadigan muzeyda, kechki turlar endi yo’q. Oq uyning eshiklari yopilgani ham turistlarning hafsalasini pir qilgan. Ammo poytaxtga har yili 18 million sayyoh kelsa, faqat uch foizi prezidentning uyini borib ko’radi.

Britaniyalik mehmon Markus Vorden oilasi bilan kelgan. Byudjetdagi o’zgarishdan xabari yo’q. Avvaliga Oq uyga faqat chet elliklarni kiritishmaydi deb o’yladi.

“Oq uyga kirish ko’rishni xohlar edik, albatta. Boshida bizni xorijlik deb chetlatishdi, deb o’yladik. Tushunmadik, xullas”, - deydi Vorden.

Byudjet qisqarishidan maqsad jamoatchilik orasida e’tiroz uyg’otish, natijada prezident va Kongressni uzoq muddatli moliyaviy yechim bilan chiqishga majburlash edi. Ammo Deyvid Natansonning aytishicha, bu strategiya ish bermayapti. Natanson qizi bilan poytaxtdagi muzeylarni tomosha qilayotib “Amerika Ovozi”ga shunday dedi:

“Har ikki partiya uchun siyosiy bir richag bo’lib, avval o’ylanganidek kuchli ta’sir vositasi rolini o’tay olmadi. Har holda, men katta o’zgarish, sezilarli, keng ko’lamli zararni ko’rmadim”, - deydi Natanson.

Poytaxtni kezib yurgan sayyohlar sharoitdan rozi. Byudjet qisqarishi bu yerga uncha ta’sir qilmagandek.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG