"Amparo": Tojikiston ahlining huquqiy bilimini oshirganimiz uchun nishondamiz

O'z huquqingni bil! Qishloq o'rta maktablarida "Amparo" o'tkazayotgan navbatdagi tadbir... Yuqori sinf o'quvchilariga huquqiy bukletlar tarqatilmoqda.

“Amparo” nodavlat tashkiloti yetti yildan beri Tojikistonda omma, ayniqsa yoshlar huquqiy bilimini oshirish borasida faoliyat olib boradi. Yaqinda bu muassasa yopilsin degan buyruq chiqdi. Sabab, deydi "Amparo" xodimlari, "ishimizning hukumatga yoqmagani". Prokuraturaga ko'ra esa bu muassasa ma'muriy qonunlarni buzgan. Masalan, Xo'janddagi manzili yangilanganda hukumatni bunday ogoh qilmagan va yangi tadbirlar o'tkazganda maxsus ruxsat olmagan. "Amparo" bu ayblar asossiz deydi, sudga biror isbot-dalil ko'rsatilmagan.

Tashkilotga “Amparo” nomi bejiz tanlanmagan bo’lib, ispan tilida bu - himoyachi, ko’mak, sarpanoh singari ma’nolarni beradi.

Amerika yuristlar uyushmasi programmasi asosida bilim olgan eng faol huquqshunoslar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Amparo” fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarini himoya etish hamda demokratik va huquqiy davlat qurish asoslarini mustahkamlash yo’lida harakat qilib keladi.

Yosh huquqshunoslar o’zlari asos solgan nodavlat tashkilotining majburiy ravishda sud qarori bilan barham berilishiga xalqaro yuridik tamoyillar asosida baho berilishi va adolat tiklanishi uchun kurash boshlagan.

Ularni dunyo bo’ylab taniqli huquqbonlar qo’llab quvvatlamoqda. Ular orasida Moskva Xelsinki guruhi, shuningdek, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qirg’iziston va Gruziyadagi huquq tashkilotlari bor.

Polsha, Albaniya, AQSh, Germaniya, Norvegiya va hatto Belarusdagi huquqshunoslar "Amparo"ni himoyalab, Tojikiston hukumatini BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti oldidagi huquqiy majburiyatlarini bajarishga, sud mahkamasining g’ayrioddiy hukmini bekor qilishga chaqirmoqda.

"Amparo" yosh mutaxassislari nazarida Tojikiston hukumati va mahkamalari olib borayotgan harakat xalqaro qonunlarga zid.

Jahondagi yirik xalqaro tashkilotlarga a’zo bo’lar ekan, Tojikiston jamoatchilik birlashmalari erkinligi va daxlsizligini ta’minlash majburiyatini olgan, huquqbonlar alohida e’tiborga molik va hukumat tomonidan ta’qib etilmasligi kerak, deya bildiradi "Amparo".

Tashkilot xalqning huquqiy-siyosiy bilimini oshirmoqda, bu esa jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Hukumat "Amparo"ga tahdid manbai sifatida qaramoqda, chunki odamlar ko'proq bilgani sari mavjud tuzumni ham ko'proq savolga tutishi mumkin, deydi mutaxassislar.

"Amparo" faoliyati suratlarda:

Huquq tashkiloti hukumat bilan kurashmoqda, Tojikiston