Qatarga nisbatan Saudiya Arabistoni yetakchiligida boshlangan diplomatik va iqtisodiy sanksiyalarga qarshi Turkiya Doxani himoya qilib chiqdi.
"Qatarda juda jiddiy xatoga qo'l urishyapti. Bir davlatni har tomonlama ajratib qo'yish noinsoniylik va islomiy qadriyatlarga ziddir. Xuddi Qatar uchun o'lim hukmi o'qilgandek", - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an.
Turkiya rahbari o'z so'zini amaliy choralar bilan ham quvvatlantiryapti. Qatarga turk askarlarini jo'natish bo'yicha muzokara olib borilmoqda. Jami 5000 tagacha harbiy yuborish ko'zda tutilgan. Iqtisodiy blokadaga yo'liqqan Qatar uchun Anqara allaqachon katta miqdorda oziq-ovqat yuborgan.
"Ammo xavf yuqori. Agar to'qnashuv yoki boshqa ixtiloflar yuz bersa, u yerdagi askarlar turli tahdidlarga ro'baro' bo'ladi", - deydi Anqara siyosat forumi yetakchisi, sobiq diplomat Unal Cheviko'z.
Turkiya askarlarining Qatarga jo'natilishi diplomatik inqiroz boshlanishidan oldin erishilgan kelishuvga ko'ra amalga oshirilmoqda. Bitimga ko'ra, dengiz va havo amaliyotlari uchun ham yordam beriladi. Mintaqada Qatarga qarshi diplomatik kurash boshlangach, Turkiya askar jo'natish jarayonini tezlashtirishga tushdi.
To'qnashuv harbiy tus olib ketmasligi uchun, deydi Karnegi instituti tahlilchisi Sinan Ulgen, boshida askarlarning faqat bir qismi joylashtiriladi.
Siyosat va diplomatiya
"Harbiy tomondan ko'ra, siyosiy va diplomatik yordamning ahamiyati katta, - deydi Ulgen. - Chunki Turkiya Qatarni qo'llab-quvvatlashi haqida aniq poztsiyasini bildirdi va bu Fors ko'rfazi kengashi a'zolari, ayniqsa, Saudiya Arabistoni va Misr bilan muammo tug'diradi".
Turkiyaning keskin yondashuvi mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'lining so'nggi mojarodagi vositachilik roliga yakun yasadi.
"Bunday yondashuv, afsuski, Turkiya tashqi siyosatida an'anaga aylandi. Turkiyaning avvalgi siyosati mintaqa muammolariga neytral qarash bo'lib kelgan. Yangicha siyosatning oqibatlari xavfli. Allaqachon Turkiya xalqaro maydonda yakkalanib qolmoqda", - deydi Cheviko'z.
Anqaraning Qatarni yaqindan qo'llab-quvvatlashi so'nggi paytlarda ikki mamlakat o'rtasida kuchayib borayotgan aloqalarning amalda aks etishidir. Qatar Turkiyaga mablag' kiritgan eng muhim sarmoyadorlardan biriga aylangan. Ko'plab banklar, media kompaniyalar va ko'chmas mulkda qatarliklarning ulushi katta.
O'tgan yili Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortidan Doxa ham Turkiya hukumatiga yordam qo'lini cho'zgan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, Qatar o'sha kunlarda Prezident Erdog'anni himoya qilish uchun Turkiyaga 150 nafar maxsus kuchlarni yuborgan.
"Musulmon birodarlar"
Turkiya va Anqaraning yakdil qarashi, ayniqsa, tashqi siyosatda yanada muhimroq ko'rinadi.
"Turkiya tashqi siyosatdagi bir qator masalalarda, xususan, "Musulmon birodarlar" va Xamasni qo'llab-quvvatlash yo'lidan borgan", - deydi tahlilchi Ulgen.
Qatarga sodiqlik Anqara uchun qimmatga tushishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Ayniqsa, Turkiya G'arbdagi hamkorlari va janubiy qo'shnilari bilan ziddiyatli munosabatlarga ega bir paytda. Turkiya hukumatiga yaqin ommaviy axborot vositalari Qatarga qo'yilgan bosimni Anqara va Erdog'anga qarshi tuzilgan reja sifatida talqin etmoqda.
Turkiyaning asosiy muxolif yetakchisi, Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro'g'li Anqaraning "Musulmon birodarlar"ni deb Qatarni so'zsiz qo'llab-quvvatlashini xavfli siyosat deb atadi.
"Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining barchasi "Musulmon birodarlar"ni terrorchi tashkilot deb biladi", - deydi Qilichdoro'g'li.
Erdog'an bu guruhni yoqlashini hech qachon sir saqlamagan. "Musulmon birodarlar" Misrning amaldagi prezidenti Sissi davlat to'ntarishi orqali hokimiyatga kelguncha mamlakatda qonuniy faoliyat yuritgan partiya edi. Hatto partiya vakili Muhammad Mursiy saylovda g'alaba qozonib mamlakat prezidenti etib saylangan va harbiy to'ntarishga qadar Misrni boshqargan edi. Mursiy va boshqa ko'plab partiya yetakchilari hozir qamoqda.