Ayrim diplomatik kelishmovchiliklarga qaramay, deya bildiradi Qatar hukumati, qo'shnilar va umuman, arab dunyosi bilan muammo yo'q. Ayniqsa, moliyaviy jihatdan, deydi rasmiylar.
"Iqtisodiyotimiz qiyin ahvolda demagan bo'lar edim", - deydi Qatar Moliya vaziri Ali Sharif al-Imadiy, AQShning CNBC kanaliga intervyu berar ekan.
Qatarni terror guruhlarini quvvatlayotganlikda ayblab aloqani uzgan Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr o'z iqtisodiyotini qaqshatishi mumkin. Ayblovlarni inkor etayotgan Qatarning pozitsiyasi shu.
"Biz bir dollar boy bersak, ular ham bir dollar boy beradi", - deydi Imadiy.
Qatar nafaqat terrorchilarni balki shia Eronni ham quvvatlamoqda, deya gumon qilmoqda al-Saud qirolligi.
Eron nazarida esa bu safsata. Arablar o'zlari kelishib olishi kerak, deydi Tehrondan Tashqi ishlar vaziri Bahrom Qosimiy.
Quvayt hozir vositachilik qilishga urinmoqda. Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr Qatar orqali va u bilan suv, havo va yer transportini ham to'xtatgan. Oziq-ovqat importiga tayangan Qatar Oman va Turkiyadan yordam olmoqda.
Qatar Fors ko'rfazi davlatlari bilan hamkorlikni aslo to'xtata olmasligini, murosaga shay ekanini bildirsa, qo'shnilar uni yolg'onchi deya qoralamoqda.
Dohaga nisbatan ishonch yo'qolgan, uni tiklash uchun uzoq vaqt kerak bo'ladi, deya tan oladi Quvayt rasmiylari. Biroq ular bu borada harakatni kuchaytirishga tayyor.
Xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiyotning beliga tepmaslik - hammaning maqsadi. Shunday ekan, tezlikda muloqot boshlash zarur, deydi Quvat bosh diplomati Shayx Saba al-Xolid al-Saba.
Uning fikricha tomonlar bir-biridan arazlab, o'z manfaatlarini chetga surmoqda. Quvayt nima uchun Suriyada jangarilarni moylagani va aynan nima sabab Eron bilan dialog olib borayotgani haqida qo'shnilarga aniq va rost ma'lumotlar berishi kerak, deydi Saba.
AQSh rahbari Donald Tramp ham vositachilik qilishga tayyor. Oq uy muzokaralar uchun ochiq, deydi u. Biroq u ham Qatarni terror homiysi, deya qoralamoqda. Tramp qarshi tomonda.
Tramp Saudi Arabistoni rahbarlari bilan gaplashganidan keyin Qatar Vashingtonni noxolislikda aybladi. Bunday nozik paytlarda Amerika tarafkashlik qilmagani ma'qul, deydi Doha rasmiylari.
Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr Qatar bilan moliyaviy aloqalarni sinchiklab ko'rib chiqmoqda, chunki xayriyaga berilgan mablag' terroristlarga ketgan bo'lishi mumkin, degan taxmin bor.
Qatar - kichik yurt. Aholisi 2,5 million. Oziq-ovqatning 80 foizi chetdan keladi.
Neft eksporti evaziga kun ko'radigan amirlik bu sektorga zarar yetmagan deya qayd etmoqda.
Facebook Forum