Breaking News

Turkiya va Eron aloqalarni mustahkamlamoqda


Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif (chapda) Turkiya Prezident Rajab Toyib Erdog'an bilan, Anqara, Turkiya, 12-avgust, 2016-yil.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif (chapda) Turkiya Prezident Rajab Toyib Erdog'an bilan, Anqara, Turkiya, 12-avgust, 2016-yil.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif aloqalarni yaxshilash uchun Anqaraga tashrif buyurdi. O'tgan oy Turkiyada yuz bergan muvaffaqiyatsiz harbiy isyondan so'ng Tehron tezlik bilan Turkiya hukumatini qo'llab-quvvatlagan edi. G'arb va Anqara aloqalari esa taranglashdi.

So'nggi yillarda Anqara Saudiya Arabistoni va Qatar bilan aloqani kuchaytirib, Suriya rejimiga qarshi muxolifatni qo'llab-quvvatladi. Bu esa Tehron bilan munosabatlar sovuqlashishiga sabab bo'ldi.

Shunga qaramay, Turkiya Eron bilan aloqalar yaxshilanishidan umidvor, deydi Turkiya prezidentining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Aysha So'zen.

"Eron va Turkiya o'rtasida jiddiy muammolarimiz yo'q. Mintaqada turli sohalarda hamkorlik qilyapmiz. Faqat farqli tashqi siyosatlarga egamiz. Shu bois ba'zan turli tomonlarning yonini olamiz. Lekin bular jiddiy muammolar emas", - deydi u.

Zarif Anqaraga tashrifi davomida o'zaro iqtisodiy aloqalarni, ayniqsa, energiya sohasida, kuchaytirishga kelishib oldi. Turkiya Yevropaga o'tadigan Eron gazi uchun ko'prik vazifasini o'tashga urinmoqda.

Eron rasmiysining tashrifi shu hafta Prezident Erdog'anning Rossiyaga safari ortidan kuzatildi. Anqara va Moskva ham o'zaro aloqalarni qayta tiklab, Suriya inqiroziga yechim topishda birga ishlashga kelishib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG