Breaking News

Riyod-Tehron ziddiyati Anqarani qiyin ahvolga solib qo'ydi


Turkiya rahbari Saudiya qiroli bilan. 29-dekabr 2015-yil
Turkiya rahbari Saudiya qiroli bilan. 29-dekabr 2015-yil

Tehron va Riyod o’rtasida tobora chuqurlashib borayotgan ziddiyat rasmiy Anqara uchun muvozanatli siyosat olib borishni qiyinlashtirmoqda. Turkiya bu murakkab vaziyatda taraflar o’rtasida muvozanatni saqlab qolishga urinayotgani aytiladi.

Turkiya Bosh vaziri muovini Numan Kurtulmush Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujumni va shia ulamosi Nimr al-Nimrning Saudiya Arabistonida qatl etilishini qoralab bayonot berdi. Biroq Prezident Toyib Erdog’an qatlni Saudiya Arabistonining ichki ishi, deb baholadi.

“Jumhuriyat” gazetasining siyosiy sharhlovchisi Semih Idiz Anqara qiyin ahvolda, deydi.

“Juda qiyin ahvolga tushgani aniq. Turkiya va Eron orasini iliq deb bo’lmaydi. Ammo ikkala davlat o’zaro munosabatlarni saqlab qolish kerakligini yaxshi tushunadi. Turkiya Eron gaziga muhtoj. Boshqa tarafdan, Saudiya Arabistoni bilan yangi strategik hamkorlikka kelishildi”, - deydi u.

Eron Turkiyaga gaz yetkazadigan davlatlar orasida Rossiyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Anqara Moskva bilan aloqalar sovuqlashgandan beri energetika bozorini diversifikatsiya qilishga urinmoqda.

Istanbuldagi Qodir Xos universitetidan xalqaro munosabatlar bo’yicha mutaxassis Soli O’zel fikricha, Tehron bilan mintaqaviy raqobat Anqara uchun shundoq ham boshog’riq edi.

"Iroq, Suriya va hatto Iroq Kurdistonida shunday norasmiy raqobatga guvohmiz. Eron va Rossiya esa yaqin hamkor”, - deydi u.

Suriya urushida Tehron bilan boshqa-boshqa taraflarni qo’llab-quvvatlayotgan Anqara aynan shu sababdan so’nggi paytda Riyod bilan strategik hamkorlikni kuchaytirishga kirishdi.

O’tgan oy Turkiya Saudiya Arabistoni boshchiligidagi sunniy davlatlar aksilterror koalitsiyasiga qo’shildi.

Biroq mintaqashunos Sinan Ulgen Riyod va Tehron o’rtasidagi ziddiyat Anqara uchun ogohlantirish, deydi.

"Turkiya o’zining Suriyadagi siyosatida hamkor topishga qiynalmoqda. Shu bois Saudiya Arabistoni bilan aloqalar juda muhim. Ammo tashqi siyosatning bu jabhasida Turkiya ehtiyotkorlik bilan qadam bosmasa bo’lmaydi, chunki u Yaqin Sharqda mazhablar orasini taranglashtirayotgan yana bir davlat sifatida ko’rilmasligi kerak”, - deydi tahlilchi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto’g’li G’arb davlatlariga qo’shilib, Tehron a Riyodni sabr-toqatli bo’lishga undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG