Eron va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi diplomatik janjal butun mintaqada aks-sado berayapti. Shu zaylda davom etaversa, Yaqin Sharqdagi urushlar, xususan, “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurash tobora keng quloch yozadi, deya bashorat qilmoqda ekspertlar.
Yaman poytaxti Sanoda yashovchi, 41 yoshli hisobchi Sulton Zayid nazarida Riyod va Tehron ixtilofi Yamanda ham ahvolni taranglashtirdi. Ziddiyat tobora avj olayapti.
Qirollik shanba kuni mashhur shia ulamo, shayx Nimr al-Nimrni qatl etdi-yu, to’polon boshlanib ketdi. Eronda Saudiyaning elchixonasiga hujum qilindi, bunga javoban Riyod Tehron bilan orani uzdi.
Ixtilof ortidan Bahrayn, Sudan va Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan aloqani uzdi yo orasi juda sovuqlashdi. Aholisi, asosan, sunniylardan iborat yana bir davlat - Quvayt ham Erondan elchisini chaqirib oldi.
Amerikada joylashgan, Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti olimi Mark Fitspatrik fikricha, bugungi g’alayonlar sababini aslida chuqurroq izlash kerak.
“Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bir masalada Saudiya Arabistoni bilan azaldan hamfikr - Eronni ular tahdid omili deb biladi. Ayniqsa, Eron yadro dasturi yuzasidan erishilgan kelishuv bu vahimani yanada bo’rttirgan”, - deydi u.
Eron va jahon hamjamiyati tuzgan bitim amalga oshsa, Tehronga qo’yilgan sanksiyalar olib tashlanib, uning iqtisodiy imkoniyatlari oshadi. Bu esa Eron mintaqada, xususan, Livanda Hizbulloh, Yamanda hutiylar kabi isyonchilarni kengroq moliyalay boshlaydi, degani. Yana bir sabab, deya davom etadi Fitspatrik:
“Sunniy-shia adovatini ko’rib turibmiz. Bundan tashqari, ko’z oldimizda namoyon bo’layotgan - forslar va arablar o’rtasidagi uzoq asrlik janjal. Tarixning davomi bu”.
Regionning yirik mamlakatlari o’zaro murosa qila olmasa, deya qo’shadi Fors ko’rfazi davlatlari bo’yicha tahlilchi Jorjio Kafiero, mintaqadagi urushlar tinch yo’l bilan barham topishi gumon.
“Diplomatik janjal Suriya va Yamanda tinchlik istiqbolini puchga chiqarmoqda”, - deydi ekspert.
Tanazzuldan eng ko’p foyda ko’radigan, deydi olimlar, “Islomiy davlat” to’dasidir. Guruh aynan parokandalik, ziddiyatli muhitdan kuch oladi va regionni tobora bo’lib tashlaydi.
Mamlakatlar to’g’ridan-to’g’ri urush boshlashi amri mahol, deydi Kafiero. Lekin ham Saudiya Arabistoni, ham Eron Suriya va Yamandagi urushlarga aralashib, ig’vo qo’zg’ashi aniq. Zero bu urushlar mintaqaning gigant ikki davlati o’rtasidagi bilvosita urushlar hisoblanib keladi.