O’tgan hafta Saudiya Arabistonida nufuzli shia ulamosining qatl etilishi oqibatida bu davlatning Eron bilan munosabatlari nihoyatda sovuqlashgan, orada diplomatik aloqalar uzildi.
Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Ja’fariy so'zlariga ko'ra, uning mamlakati vositachalikka tayyor. Rossiya ham shunday taklif bilan chiqdi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri barcha tomonlar bilan gaplashmoqda.
Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbiga ko’ra, Kerri Eron va Saudiya Arabiston rahbarlari bilan bir necha marta telefon orqali bog'langan va taraflarni tinchlantirishga uringan. Mintaqada boshqa dolzarb muammolar, shu jumladan Suriya va Yaman masalasi bor, deydi u.
"Albatta, bular suveren davlatlar, kim bilan muzokara qilish-qilmaslikni o’zi hal qiladi. Ammo bizning fikrimizcha, hozirgi murakkab vaziyatda, shuncha muammolar bilan yuzlashib turganimizda, nafaqat “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda, balki Suriyada tinchlik o’rnatish masalasida siljish kuzatilayotganda davlatlar o’zaro muloqotga chek qo’ysa, mintaqa barqarorligi uchun katta zarba bo’ladi”, - deydi AQSh diplomati.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Saudiya Arabistoni Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzib, “o’z jinoyatini yashira olmaydi”, deydi. Ruhoniy bu bilan shia ulamosi Nimr al-Nimrning qatl etilishiga ishora qilmoqda.
Tehron nazarida aloqalar uzilishidan avvalo Saudiya Arabistonining o'zi jabr ko’radi.
Arab Ligasi vaziyatni yakshanba kuni maxsus yig’inda muhokama qiladi.
Riyod qatorida Bahrayn va Sudan ham Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Quvayt Tehrondagi elchisini chaqirib oldi.
BMT Xavfsizlik Kengashi qirollikning Tehrondagi elchixonasiga hujumni qoralovchi bayonot tarqatdi. Eron xalqaro majburiyatlarini bajargan holda diplomatik idoralar daxlsizligini kafolatlashi kerak, deyiladi hujjatda.