Ilk xorijiy safarga chiqqan AQSh Prezidenti Donald Tramp Riyodda arab va musulmon davlatlaridan to'plangan o'nlab rahbarlar oldida nutq so'zlab, islom dunyosini ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashga chaqirdi.
"Bu turli e'tiqodlar, turli mazhablar, turli sivilizatsiyalar o'rtasidagi urush emas. Bu inson hayotini qadrlamaydigan yovuz jinoyatchilar va inson hayoti uchun kurashayotgan turli din vakillari bo'lgan halol insonlar o'rtasidagi urushdir", - dedi Tramp.
Odatda o'z ma'ruzalarida "radikal islomiy terrorizm" iborasini ishlatuvchi Tramp anjumandagi nutqida bundan o'zini tiydi.
"Musulmon rahbarlari islomiy ekstremizm va undan ilhomlanuvchi islomiy terror guruhlari mavjudligini tan olib, ularga qarshi kurashishi kerak", - dedi Amerika rahbari.
Uning aytishicha, Tramp musulmon mamlakatlarga qanday yashashni, nima qilishni, nimaga e'tiqod qilishni aytib, aql o'rgatmoqchi emas.
"Mushtarak manfaatlar va qadriyatlarga asoslangan holda shunchaki hamkorligimizni taklif qilmoqchimiz", - dedi Tramp.
Unga ko'ra, terrorizm dunyo bo'ylab tarqalmoqda va uni faqat hamkorlikda yengish mumkin.
Tramp "Arab-Islom-Amerika" sammiti doirasida Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo olti arab mamlakati rahbarlari bilan Eron siyosati va jangarilarga qarshi kurash xususida gaplashdi.
Qirollikka tashrifining ikkinchi kunida Tramp Qatar, Bahrayn, Misr va Quvayt rahbarlari bilan alohida uchrashdi.
Oq uy ma'muriyati Bahraynga bir necha milliard dollarga teng qurol savdosiga yo'l ochdi. Sobiq Prezident Barak Obama bu mamlakatni inson huquqlarini poymol etayotganlikda ayblab, harbiy hamkorlikni muzlatib qo'ygan edi. Bahrayn AQShdan harbiy samolyotlar va boshqa jihozlar sotib olmoqchi.
Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy esa Tramp bilan uchrashuvi cho'gida uni o'z mamlakatiga taklif qildi.
Shanba kuni Tramp va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz mudofaa bobida 110 milliard dollarga teng bitim imzoladi. Qo'shma Shtatlar Saudiya Arabistonida 150 ta "Blackhawk" harbiy vertolyotlarini yig'ishda yordam beradi, bu kelishuv natijasida 450 ta ish o'rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari, qirollikka jangovar kemalar, tanklar, raketaga qarshi mudofaa tizimlari, kiber-xavfsizlik texnologiyalari sotiladi.
Facebook Forum