Afg'oniston rasmiysi va toliblar vakili oxirgi kunlarda kamida ikki bor hufiya holda muzokara qilgan. Tomonlar Afg'onistondagi urushni tugatish maqsadida muzokaralarni jonlantirishga urinmoqda.
Kobuldagi hukumat manbalarining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, muloqot Qatar poytaxti Dohada o'tgan. Boshqa tafsilotlar ma'lum emas.
Afg'oniston prezidentining matbuot kotibi Dava Xon Menapalning aytishicha ham hukumat murosaga moyil guruhlar bilan muloqotga kirishish uchun barcha choralarni ishga solayapti.
Uchrashuvlar sentabr va oktabr oylarida kechib, unda Afg'oniston razvedkasi rahbari Muhammad Masum Stanakzay va Tolibon sobiq rahbari Mulla Umarning ukasi Mulla Abdul Manan Oxund qatnashgan.
Britaniya matbuotining yozishicha, muzokaralarda Amerika diplomati ham qatnashgan, biroq AQSh rasmiylari bu da'voga izoh bermayapti.
Tolibon rahbari Mulla Hibatulla Axunzoda Afg'onistonda jangovar harakatlarga zo'r berib, ayniqsa, armiya va xavfsizlik xizmati safida talafotlarni oshirishga urinmoqda.
Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani yaqinda Hizbi Islomiy jangari guruhi, xususan, uning yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor bilan murosaga erishgan edi. Bitimga ko'ra, jangari to'da qurolini tashlaydi, uning a'zolari esa Afg'onistonga qaytib, siyosiy jarayonlarda qatnashishi mumkin bo'ladi.
G'ani hukumati shu oy Bryusseldagi anjumanda Afg'onistonni qayta tiklash uchun kelasi to'rt yil davomida donorlardan 15 milliard dollar yordam undirishga muvaffaq bo'lgan edi.