Din

AQShda musulmonlarga qarshi jinoyatlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Arizonada musulmonlarga qarshi o'tkazilgan namoyish, 29-may, 2015-yil.

Yangi tadqiqot natijasidan ma'lum bo'lishicha, AQShda musulmonlarga qarshi jinoyatlar soni 2001-yil 11-sentabrdan beri keskin oshgan. Musulmonlar mamlakatda eng ko'p ayirmachilikka duch kelayotgan ozchilikdagi diniy guruh hisoblanadi.

Kaliforniya davlat universiteti tadqiqotchilari 20 shtatdagi politsiya ma'lumotlari asosida tayyorlagan hisobotdan shunisi ma'lumki, 2015-yilda musulmonlarga qarshi 196 ta jinoyat sodir etilgan. Bu 2014-yilga qaraganda 78 foiz ko'p. Arablarga nisbatan nafrat jinoyatlari esa 219 foizga oshgan.

AQShda jami negizida adovat bo'lgan jinoyatlar besh foizga ko'paygan: 2014-yilda 4139 shunday huquqbuzarlik sodir etilgan bo'lsa, bu raqam 2015-yilda 4347 ga yetgan. Yahudiy va gomoseksuallarga qarshi jinoyatlar soni yuqori bo'lsa-da, o'sish sur'ati musulmonlarga qaratilgan jinoyatlarchalik emas.

Adovat va ekstremizm tadqiqotlari markazi direktori Brayn Levinning aytshicha, musulmonlarga qarshi jinoyatlarning ko'payishiga terrorizmga oid xavotirlar, mutaassiblik va siyosiy da'vatlar sabab bo'lmoqda.

"Hozir musulmonlar AQShda eng ko'p yomon ko'rilgan guruh. Buni targ'ib qilayotgan ijtimoiy-siyosiy harakat ham bor", - deydi u.

Amerikada musulmonlar 3,5 million atrofida bo'lib, aholining bir foizini tashkil etadi. Ammo diniy nafratga asoslangan barcha jinoyatlarning 4,5 foizi shu din vakillariga qarshi qaratilgan.

2015-yilgacha AQShda diniy adovatga asoslangan jinoyatlarning kamayishi kuzatilayotgan edi, ammo shu davrda ham musulmonlarga hujumlar soni o'sgan.

20 shtat orasida islom dini vakillariga qarshi jinoyatchilik eng ko'p Nyu-Jersida kuzatilgan. Shtatda bunday jinoyatlar 250 foizga oshgan. Texasda esa 129 foiz. O'z navbatida Kaliforniyada 122 foiz, Tennesida 67 foiz o'sish kuzatilgan.

Kaliforniyaning San-Bernardino shahrida yuz bergan xuruj ortidan musulmonlarga hujumlar soni keskin o'sgan. Tennesida harbiy bazada otishma ro'y berishi ketidan ham shunday holat kuzatilgan.

Joriy yilda ham musulmonlarga qarshi jinoyatlar o'sishda davom etmoqda. Sentabr oyigacha Nyu-York shahrida 21 jinoyat sodir etilgan. O'tgan yili shu davr ichida bunday huquqbuzarliklar soni 10 ta edi.

"Har bir joyda nafrat jinoyatlari soni oshgandek. Yil oxirigacha shunday bo'ladimi, yo'qmi, hali ko'ramiz", - deydi Levin.

Tadqiqotchilar oxirgi 15 yildagi ikki muhim siyosiy bayonotga diqqat qaratadi. 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng Prezident Jorj Bush Vashingtondagi masjidda islomni tinchlik dini deb atab, amerikaliklarni bag'rikenglikka chaqirgan edi. Shundan so'ng musulonlarga hujumlar soni kamaygan edi.

2015-yil 7-dekabrida esa respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikni taklif qilgach, aksincha, bu din vakillariga qarshi jinoiy harakatlar 87 foizga oshdi, deydi sotsiolog Levin.

Tadqiqot xulosalari shu mavzuda o'tkazilgan boshqa ilmiy izlanish natijalarini tasdiqlaydi. Ammo aslida muammo ko'lami bundan kattaroq bo'lishi mumkin. Ko'plab tahdid va hujumlar haqida politsiyaga xabar berilmaydi.

AQSh Adliya vazirligi ozchilik guruhlarga qarshi jinoyatga qo'l urganlar keskin jazoga tortilishini aytadi. Ammo tahlilchilar bunday huquqbuzarliklarning faqat kichik qismi nafrat jinoyati sifatida sudlanishini aytadi.