Tog’li-qorabog’lik armanlar Armanistonga qochishda davom etmoqda. Ozarbayjon hududdagi armanlarni qurolsizlantirganidan beri 90 mingdan ziyod aholi uyini tark etgan. Tog’li Qorabog’da xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Arsax respublikasining 32 yillik tarixiga barham berildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Arsax rahbari Samvel Shahramanyan respublikaning 1-yanvardan tugatilishi haqida farmon imzoladi.
Armanistonga o’tayotgan qochqinlarga oziq-ovqat, ko’rpa-to’shak kabi gumanitar yordam ko’rsatilmoqda. Ular to’qqiz oylik qamalda yashaganini aytadi.
“Nonga 3-4 kunlab navbatda turardik, ammo 200 gramm ham qo’limizga tegmasdi. Qo’lga tekgan nonni esa yeb bo’lmasdi. Ammo ilojimiz yo’q edi, yemasak, och qolardik. Ko’pincha o’sha ham bo’lmasdi”, - deydi Maryam Petrosyan ismli bir ayol.
1988-yilda boshlangan birinchi urushda mahalliy armanlar Armaniston va Rossiya yordamida Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjondan tortib oladi. Boku yillar davomida harbiy kuch to’plab, avval 2020-yilda Turkiya ko’magida hududning bir qismini qaytarib oladi, so’ng o’tgan hafta bir kunlik harbiy amaliyotlarda Arsax armiyasi batamom taslim bo’ladi. Bu gal na Armaniston, na Rossiya aralashdi.
Bir paytlar Tog’li Qorabog’da yashagan, ammo birinchi urushdan so’ng qochishga majbur bo’lgan ozarbayjonliklarning bir qismi o’z yerlariga qaytib borishga tayyor.
Kozimovlar oilasi Xonkendi shahridan. So’nggi 30 yildan beri Bokuda turadi.
"Yoshligimiz Xonkendida o’tdi. Hayotimiz yaxshi edi. Qo’shnilar, qarindosh-urug’ bilan aloqalarimiz yaxshi bo’lgan”.
Ammo urush boshlanishi bilan, deydi Elhan Kozimov, arman qo’shnilar to’nini teskari kiyib oldi.
“Uyimizga o’t qo’yishdi, bizga tosh otishdi. Axir ular bilan bir paytlar yaqin do’st edik. Bayramlarda palov pishirib, ularni mehmon qilardik”, - deydi u.
Ozarbayjon hukumati Tog’li Qorabog’ga 5,5 ming ozarbayjonlikni qaytarishi mumkin.
BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi ma’lumotiga ko’ra, Tog’li Qorabog’dan 120 minggacha odam qochishi mumkin, ya’ni armanlarning barchasi. Ular Ozarbayjon tarkibida yashagisi yo’qligini, Bokudagi hukumatga ishonmasligini aytadi.
Sovet paytida Armanistonda 160 minggacha ozarbayjonlik, Ozarbayjonda esa yarim milliongacha arman yashagan.