O’tgan yili pandemiya boshlanganidan beri AQShda osiyoliklarga qarshi nafratga asoslangan jinoyatlar soni oshgan. O’tgan bir oy ichida, xususan, Kaliforniyaning Los-Anjeles va Ouklend shaharlarida osiyolik amerikaliklarga nisbatan hujumlar keskin ko’paygan.
“Uyining oldida hujumga uchragan bu kishi mening onam, otam yoki bobom bo’lishi mumkin edi”, - deydi Kaliforniyada namoyishga chiqqan amerikaliklardan biri Jerri Raburn.
Taylandlik immigrant 84 yoshli Vicha Ratanapakdi San-Fransiskoda ko’chada ketayotganda uni itarib yerga qulatishgan. Otaxon miyasiga qon quyilib, ikki kundan so’ng vafot etgan. 19 yoshli yigit hibsda.
Ouklend politsiya boshqarmasi xitoylar shaharchasiga ko’proq resurs ajratmoqda.
“Xitoylar shaharchasida alohida idora ochib, boshqa joylardan xodimlarni ko’chirib olib keldik, patrullarni ham ko’paytirganmiz”, - deydi politsiya boshlig’i Leron Armstrong.
Osiyolik amerikaliklarga nisbatan hujumlar pandemiya boshlanganidan beri muntazam o’sib borayapti. Sobiq prezident Donald Tramp koronavirusni “Xitoy virusi” deb tasvirlar edi.
Hisob-kitob olib borayotgan “AAPI” tashkiloti vebsaytida o’tgan bir yil mobaynida bu jamoa a’zolariga nisbatan 2800 dan ziyod irqchilik va diskriminatsiya holatlari qayd etilgan.
Prezident Bayden Tramp qo’llagan iboralarni taqiqlovchi, diskriminatsiyani qoralovchi farmonga imzo chekdi.
“Prezident ushbu jamoa yuzlashayotgan diskriminatsiya holatlaridan xavotirda”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.
O’tgan yilning mart oyidan buyon qayd etilgan holatlarning aksariyati osiyoliklarga nisbatan haqorat va kamsitish, taxminan 9 foizi esa zo’ravonlik bilan bog’liq.