Myanmaning 1-fevral kungi harbiy to’ntarishda hokimiyatdan ag’darilib sudlangan davlat maslahatchisi Au San Su Chi jamiyatda bo’linishni qo’zg’atganlik va COVID cheklovlarini buzganlikda aybdor topilib, to’rt yilga qamaldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu 76 yashar arbobga qo’yilayotgan ayblovlarning ba’zilari. Korrupsiya, davlat sirlarini oshkor etish, ovozlarni soxtalashtirish kabi ayblovlar unga keyingi sud jarayonlarida qo’yilishi kutilmoqda. Barchasi bo’yicha aybdor topilgan taqdirda Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibasi umrining qolgan qismini qamoqda o’tkazishi mumkin.
“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti ayblovlarning asossiz ekanini aytarkan, harbiy xunta bu bilan muxolifatni yo’q qilishga jazm qilganini bildiradi.
Harbiylar Au San Su Chining ishi mustaqil sud tomonidan, uning o’zi tayinlagan sudya tomonidan olib borilayotganini aytadi.
Sud matbuot uchun yopiq bo’ldi, ayblanuvchining advokatlariga matbuot va jamoatchilik bilan aloqa qilish taqiqlangan.
Davlat televideniyesiga ko’ra, mamlakat harbiy rahbari qisman amnistiya e’lon qilishi natijasida Au San Su Chining birinchi hukmi 2 yilga qisqardi.
Hukm e’lon qilinishi ketidan Rangun shahrida fuqaro ko’chaga chiqdi.
Sud yil boshida hibsga olingan Myanma Prezidenti Vin Myintni ham qamoq jazosiga mahkum etdi. U 4 yilga kesildi.
Harbiylar o’tgan yil noyabridagi parlament saylovi natijalarini tan olmagan. Unda Au San Su Chining “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi g’alaba qozongan edi.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bashelet Myanma sudi hukmini qoralab, Au San Su Chini zudlik bilan ozod etishga chaqirdi.
“Sud jarayoni adliya tizimini nazorat qilayotgan harbiylar tomonidan o’tkazilgan tomosha bo’ldi. Hukm harbiylarning noqonuniy boshqaruviga qarshi qarshilikni yanada kuchaytiradi”, - dedi BMT komissarining matbuot kotibi Ravina Shamdasani.