Myanma qamog’idan ozod etilgan amerikalik jurnalist Denni Fenster olti oylik ayriliqdan so’ng Amerikada oilasi bilan qovushdi.
“Bu kunni sabrsizlik bilan, uzoq vaqt orzu qilganman”, - dedi u.
Fensterning muxbirlarga aytishicha, u qamoqxonada jismoniy zug’umga uchramagan, ochlikka yuz tutmagan. U fevral oyida harbiy to’ntarishdan keyingi voqealarni yoritgani uchun hibsga olingan edi. Harbiy xuntaga qarshi namoyish ishtirokchilarining 1100 nafari o’ldirilgan, 8000 odam qamoqqa olingan.
Fensterning aytishicha, ko’p odam nohaq qamalgan.
“Oilam bilan ozod bo’lganimni nishonlayman, bir vaqt oilada bo’lib, so’ng nohaq qamalganlar bilan shug’ullanaman. Nafaqat jurnalistlar, balki Myanmadagi vijdon mahkumlari bilan ham”, - dedi Fenster.
Muxbirni ozod etishda AQSh sobiq diplomati Bill Richardson katta rol o’ynagan.
“Myanma rahbarlari bilan gumanitar masalalar va vaksina bo’yicha kelishuvga erishganimizdan so’ng Denni haqida og’iz ochdim va masalani hal qildik”, - dedi BMTdagi sobiq elchi.
Richardsonga ko’ra, jurnalistlar avtoritar hukumatlarning eng asosiy nishoni va ularni himoya qilish kerak.
“Qamoqdagi har bir siyosiy mahbus, garovga olingan har bir odamni, ayniqsa amerikalikni himoya qilishimiz kerak. Jurnalistlar hamma joyda nishonga olinmoqda – xoh Janubi-sharqiy Osiyo bo’lsin, xoh Rossiya, xoh Lotin Amerikasida”, - deydi u.
Fenster o’tgan oy Myanma sudi tomonidan viza tartibini buzganlikda, noqonuniy uyushmalarga aralashganlikda, tartibsizliklarni qo’zg’atganlikda aybdor topilgan. Ozodlikka chiqmaganida unga terrorchilikka aloqadorlik ayblovi ham qo’yilishi mumkin edi.
Myanmalik mustaqil jurnalist Ay Chan Nainning aytishicha, harbiy xunta boshqaruvi ostida asossiz ayblovlar odatiy holga aylangan.
“Birmadagi hozirgi muhitda qonun ustuvorligi degan narsaning o’zi yo’q. Qonunni generallar yaratadi, xohlagancha, istaganini qiladi, qo’rqmasdan”, - deydi muxbir.
Xalqaro bosim ostida Myanma harbiylari minglab mahbusni ozod etishga so’z berdi.
Facebook Forum