"Islomiy davlat" tarafdorlarini qidirish uchun Avstraliyada o'tkazilgan bir qator reydlar ortidan mamlakatda musulmonlarga qarshi hujumlar soni ortgani xabar qilinmoqda. Musulmon jamiyati yetakchilarining aytishicha, o'ndan ortiq holatlarda, asosan, hijob kiygan ayollar diniy va irqiy kamsitishlarga duchor bo'lgan.
Avstraliyada faoliyat yurituvchi islomiy tashkilotlar shikoyatiga ko'ra, Sidney va Brisbenda antiterror reydlari o'tkazilishi ortidan musulmonlarga qarshi 30 dan ortiq hujumlar sodir etilgan. Iroq va Suriyada xalifalik e'lon qilgan "Islomiy davlat" guruhining Avstraliyaga qarshi e'lon qilgan tahdidlari natijasida Avstraliyada musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchaygani aytilmoqda.
Diniy nafratga asoslangan tahdidlarning katta qismi Kvinslend shtatida kuzatilgan. Bu yerda masjidlarga hujumlar uyushtirilib, imomlar o'lim bilan qo'rqitilgan.
Hujumlarning aniq soni bo'yicha rasmiy ma'lumot mavjud emas. Radikal millatchi guruhlardan biri hatto Avstraliyada islomni taqiqlash talabi bilan chiqqan. Politsiya musulmonlar jamiyati bilan mavjud ixtiloflarni kamaytirishga harakat qilinayotganini aytgan.
Siyosiy yetakchilar orasida ham musulmonlarni yomonotliq qilib, mavjud ixtilofning kuchayishiga hissa qo'shayotganlar bor.
Masalan, konservativ senator Kori Bernardi Kanberradagi parlament binosiga burqa bilan kirishni taqiqlashni talab qilgan.
"Parlament binosiga kimligini bilib bo'lmaydigan odamni kiritishga ruxsat berishlarini tushunmayman. Bu oddiy mantiqqa ham to'g'ri kelmaydi", - degan edi u bayonotlaridan birida.
Iroqda "Islomiy davlat" manzillariga qarshi AQSh boshchiligida amalga oshirilayotgan havo hujumlarida Avstraliya ham ishtirok etmoqda. Urush domiga tortilgan mintaqada ko'plab Avstraliya fuqarolari ham jangarilar safida jang qilayotgani aniqlangan. Ularning o'z uylariga qaytishi ehtimoli borligi bois, Avstraliya hukumati mamlakatda terrorizmga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda. Yaqinda shubhali shaxslarni hibsga olishda hukmatga ko'proq huquq beruvchi yangi qonun qabul qilingan. Hukumat ayni paytda terrorizmni targ'ib etishni jinoyat deb hisoblovchi yangi qonun loyihasini tayyorlayotgani aytiladi.
Bosh vazir Toni Abbotning aytishicha, qonunga itoatkor musulmonlarning bu o'zgarishlardan xavfsirashlariga hojat yo'q.
Mo'tadil qarashdagi Avstraliya musulmonlari "Islomiy davlat"ga qarshi o'z raddiyalarini e'lon qilgan. Ammo musulmonlar yetakchilari diniy kamsitish tusidagi hujumlar soni tobora ortib borayotganidan jiddiy xavotirda.