Avstraliyalik musulmon qonunchi irqchilikka qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Avstraliya musulmonlari hayit bayramida, 8-avgust, 2013-yil

Avstraliya parlamentiga saylangan birinchi musulmon ayol siyosatga kirib kelishida irqchilik va uydagi zo'ravonlik muammolari muhim rol o'ynaganini aytadi. Misrda tug'ilgan Anna Ali shaxsiy hayoti aks ettirilgan "O'z o'rnimni topish" nomli kitobida maktabda va birinchi turmush o'rtog'ining qo'lida chekkan aziyatlari haqida hikoya qiladi.

"O'z o'rnimni topish" asari Qohiradan Avstraliya poytaxti Kanberragacha bo'lgan davrni, bu davrdagi azob-uqubatlar, tushkunlik va muvaffaqiyat onlarini qamrab oladi. Anna Ali Avstraliyaga ikki yoshida kelgan. Arab bo'lgani uchunu maktabda sinfdoshlari tomonidan xo'rlanganini va birinchi eri qo'lida ham azoblanganini aytib beradi.

50 yoshli ayol bu mashaqqatlarga qaramay, ta'lim sohasida muvaffaqiyatli karyera qura oldi. Terrorizmga qarshi kurash bo'yicha dunyoning yetakchi ekspertlaridan biriga aylandi. Ayni paytda BMTda maslahatchi bo'lib ishlaydi.

Yaqinda chop etilgan avtobiografiyasida Ali Avstraliya siyosiy tizimidagi uzoq yillik turg'unlik uni siyosatga boshlaganini yozadi. O'zgarishlarga hissa qo'shish uchun ta'lim sohasini tark etishim va siyosatga qo'shilishim kerak, deya xulosa qiladi u.

2016-yil Anna Ali kichik ustunlik bilan federal parlamentga saylandi. U Leyboristlar partiyasiga mansub.

Haligacha menga tahdid xatlari va qo'ng'iroqlari kelib turadi, deydi u.

"Parlamentda ish boshlaganimdan bir hafta o'tib kimdir telefon qildi va agar oq avstraliyaliklar hurmatini qozonishni istasang, jim bo'l, dedi. Menga ko'plab nafrat xatlari va qo'ng'iroqlari bo'ladi. Lekin bu gap hammasidan ham ko'p azob berdi. Chunki bu kitobni yozarkanman, umrimning aksar qismida men avstraliyalik bo'lishga urinib kelganman", - deydi Anna Ali.

Rasmiy statistikaga ko'ra, Avstraliyada 600 ming atrofida musulmon bor va ular aholining 2,6 foizini tashkil etadi. Shularning uchdan bir qismi Avstraliyada tug'ilgan. Qolganlari Turkiya, Livan, Bangladesh va Fiji kabi davlatlardan muhojir bo'lib kelgan.

Avstraliya Islomiy kengashlar federatsiyasiga ko'ra, mamlakatda so'nggi paytlarda musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchaymoqda.

Charlz Sturt universitetining Avstraliyada islomofobiya holatlari bo'yicha tayyorlagan hisobotida qayd etilishicha, mamlakat bo'ylab davlat va xususiy darajadagi ayrimachilik "xavotirli darajada".