Ozarbayjonda saylovlar imtihondan o'tmadi

  • Amerika Ovozi

Aliyev xalqqa qo'llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi. 51 yoshli arbob hukumatga 2003-yilda kelgan. Prezidentlik unga otasi Haydar Aliyevdan meros qolgan edi.

Ozarbayjonda prezident saylovlarida amaldagi rahbar Ilhom Aliyev g’alaba qozongani aytilar ekan, aksariyat fuqarolar nazarida bu – tabiiy hol.

“Amerika Ovozi” Boku ahlidan fikr so’raganida, Aliyev davrida iqtisodiy farovonlik, barqarorlik mustahkamlandi, degan javoblar yangragan.

Aliyev shu tariqa uchinchi bor besh yillik muhlatga saylangan. Saylov komissiyasi hisobicha, prezident 80 foizdan ko’p ovoz jamg’argan.

Muxolifatdan asosiy da’vogar, tarixchi Jamil Hasanlining tarafdorlari nazarida ovoz berish jarayonida buzilishlar ko’p qayd etilgan. Bir odam bir necha martalab ovoz bergan hollar qayta-qayta kuzatilgan. Hasanli taxminan olti foiz olgani aytiladi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari nazarida ham saylov paytida jiddiy xatolar, qonunbuzarliklar bo'lgan.

Maykl Voyzin, tashkilot maxsus vakili so'zlariga ko'ra, fikr erkinligi, yig'ilishlar o'tkazish imkoni cheklangan; ovoz beruvchiga do'q-po'pisa qilish hollari kuzatilib, matbuot jarayonni erkin yorita olmagan.

37 uchastkada ovoz berish qutilari yamab tashlangan. Saylov varaqalarini hisob-kitob qilish jarayonini kuzatuvchilar 58 foiz hollarda "juda yomon" deya baholagan.

Bu orada, Aliyev xalqqa qo'llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi. 51 yoshli arbob hukumatga 2003-yilda kelgan. Prezidentlik unga otasi Haydar Aliyevdan meros qolgan edi.

Ozarbayjonda prezident saylovlari