Ozarbayjon Tog’li Qorabog’ni to’liq qaytarish yo’lida muhim qadam qo’ydi

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjon qurolli kuchlarining Tog’li Qorabog’dagi bir kunlik harbiy amaliyoti hududdagi bo’lginchi arman kuchlarining kapitulyatsiyasi bilan yakunlandi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2023-yil

Ikki tomonlama sulh kelishuviga ko’ra, o’zini “Artsax” mudofaa kuchlari deb atovchi qurolli bo’linmalar qurollarini topshirib, tarqatilishi kerak. 21-sentabrga Ozarbayjon rasmiylarining Tog’li Qorabog’ armanlari bilan muloqoti rejalangan.

Bugun bir necha ming arman rus tinchlikparvar kuchlari yordamida hududdan evakuatsiya qilindi.

Armaniston so’nggi mojaroga aralashmadi, Bokuni Tog’li Qorabog’ni mahalliy armanlardan tozalash niyatida aybladi.

Hududda qancha arman qolishi hozircha noma’lum.

Rossiya Mudofaa vazirligi hamda Prezident Vladimir Putinga ko’ra, Tog’li Qorabog’dagi rus harbiylarining bazasida 2000 dan ortiq arman qochqini, jumladan ming nafar bolaga vaqtincha boshpana berilgan, harbiy shifokorlar yaralanganlarga tibbiy yordam ko’rsatmoqda.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga ko’ra, Yerevan sulh haqidagi shartnoma matnini tayyorlashda qatnashmagan.

Armanistonda ayrimlar Rossiyani Ozarbayjon harbiy amaliyotiga to’siq qo’ymaganlikda ayblamoqda, biroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Armaniston Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjon hududi sifatida tan olgan, demak, Boku o’z hududida harakatlangan.

Armaniston bergan ma’lumotga ko’ra, so’nggi bir kun ichida Tog’li Qorabog’da kamida 32 odam o’lgan.

Armaniston tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Paruyr Oganesyan 120 ming tog’li-qorabog’lik arman Ozarbayjon boshqaruvi ostida yashay olmasligini taxmin qildi.

"Ozarbayjonning gumanitar koridor haqidagi bayonotlarini ko’rganmiz. Buni Tog’li Qorabog’dagi armanlarga ommaviy ravishda hududni tark etishga taklifdan boshqa narsa deb bo’lmaydi”, - dedi rasmiy.

Armanistonda aholi Pashinyanni xiyonatda ayblab, namoyishga chiqdi, uning iste’fosini talab qilmoqda.