Ahillikni niyat qilgan nog'orachi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

San'at tinchlik elchisi

Bolalar atrofni, har qanday ma’lumotni tezda o’zlashtirarkan, ularning shakllanishida ko’nikma va bilim suv va havodek zarur. Baba Ras balog’atga yetmaganlar bilan ishlagan. U bolalarni tinchlik va ahillikka undovchi maxsus dasturga asos solgan.

Vashington san’at uyi bu gal bolalar, ularning o’yin-kulgisiga to’la. San’at uyiga fayz bag’ishlayotgan Baba Ras D asli Karib orollaridan.

Bolalarga zavq bag’ishlayotgan bu dastur “Haarambi” deb nom olgan. Afrikada haarambi - birlashaylik, ahil bo’laylik degan ma’noni beradi. Dasturga Baba Ras 25 yil avval asos solgan.

“Men uchun ma’naviy ozuqa. Birgina shu so’z bilan odamlarni birlashtirish, mehrli bo’lish, ahillikka undash mumkin.Bu mening qonimda bor”, - deydi Baba Ras.

Baba Ras D degan ism “Qirol va qirolichaning otasi” degan ma’noni anglatadi. U kuy-sadolar orqali har bir shaxs jamiyat bilan bir tanu-bir jon bo’lishiga undamoqda.

“Bolalar tinchlik so’zini ayta olmasada, ulashishni bilishadi. “Haarambi”da o’rganganlarini, uyida, mahallasida, keyin kattaroq jamoaga borib qiladi vatinchlik ulashadi”, - deydi Baba Ras D.

“Haarambi” dasturida uch yashar Maks ismli bir bola bor.

“Maks Baba Rasdan olganganlarini kundalik hayotimizda, uyda ham qiladi. Boshqalar bilan baham ko’rishning uddasidan chiqayapti”, - deydi Maksning otasi.

Baba Ras musiqachilikdan avval balog’atga yetmaganlar axloqini tuzatish bilan shug'ullangan. Bu tajriba unga bolalarni tushunish va ular bilan ishlashda qo’l kelmoqda. Dasturni ochishga ham turtki bo’lgan.

““Haarambi”ni boshlash men uchun muhim qadam bo’ldi. Yoshlar jinoyatga qo’l urmasdan, urush degan baloni bilmay o’sishi yo’lida hissa qo’shsam, ta’sir ko’rsata olsam deb hammamizning kelajagimiz uchun qayg’uraman”, - deydi u.

Baba Ras musiqachilar oilasida ulg’aygan. Zarbli cholg’ular qatori boshqa cholg’ularni ham ijro etadi.

“Men chaladigan nog’ora G’arbiy Afrikaniki. Nog’ora zarbli cholg’ular guruhida bo’lgani uchun ham yurak urishiga yaqin. Nog’ora sadolarini eshitayotganlar yuragi ham shu ritmda uradi, shu orqali qalblar bog’lanadi. Nog’ora sadosi bizni birlashtiradi”, - deydi ijrochi.

Baba Rasning umidi, bolalar ertaga samimiy va sog’lom insonlar bo'lsin, tinchlikparvar va insonparvar bo'lib o'ssin.