BMTning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bashelet idorasining Xitoyda uyg’urlarga bo’lgan munosabat va muomalaga doir hisoboti kelasi hafta (31-avgustda) chop etilishi haqida ma’lum qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Chili sobiq prezidenti uzoq paytdan beri kutilayotgan hisobot nega kech chop etilayotganini tushuntirib berdi.
“Barchangizga ma’lum, mart boshida Xitoy hukumati bilan mamlakatga borishga kelishib olgan edik. Men uchun bu juda muhim edi, chunki bu menga yuqori lavozimli rasmiylar bilan inson huquqlari bo’yicha gaplashish, huquqbuzarliklarga doir xavotirlarimizni ularga bevosita yetkazish imkonini berardi”, - dedi Bashelet.
To’rt yillik muddati kelasi hafta yakunlanayotgan mutaxassis yangi muddatga qolish istagi yo’qligini bildirgan. Bunga qisman fuqarolik jamiyati vakillarining Basheletni Xitoyga tashrifi paytida o‘zini o‘ta yumshoq tutganlikda ayblagani sababdir.
Uyg’urlar ahvoliga doir hisobot ustida ish uch yil oldin boshlangan va agentlik uni bir necha oydan beri chop etishga va’da berib kelgan edi.
“Bir necha mamlakatlardan maktublar olganman. Ko’plari hisobotni tezroq chop etishimizni talab qilyapti, kimlardir esa – 40 ga yaqin mamlakat bunga qarshi”, - deydi Bashelet.
Unga ko’ra, hisobotga may oyidagi Xitoy safari bo’yicha xulosalarni, Xitoy hukumatining hujjatga munosabatini kiritish muhimdir va bu vaqt talab qilgan.
Inson huquqlari faollari Pekinni Xitoy g’arbida yashovchi uyg’urlarni kamsitayotganlikda, huquqlaridan ayirayotganlikda, lagerlarga qamab, majburiy mehnatga jalb qilayotganlikda ayblab keladi. Xitoy uyg’urlarni ta’qib etayotgani haqidagi da’volarning yolg’on ekaniga ishora qiladi.