AQSh Bahraynga yana qurol sotmoqchi

  • Amerika Ovozi

Bahrayn qirolligida hukumatga qarshi namoyishlarning boshlanganiga bir yildan oshdi

Qo’shma Shtatlar qurol sotish bo’yicha Bahraynga qo’yilgan taqiqni bekor qilmoqchi. Inson huquqlari faollari va muxolifat vakillari esa AQShning bu qaroridan norozi. Ularga ko’ra, bu narsa inson huquqlari bobida mamlakatdagi vaziyatning yanada yomonlashuviga hissa qo’shadi.

AQSh Davlat departamentining o’tgan hafta e’lon qilishicha, Qo’shma Shtatlar Bahraynga yana qurol sotishda davom etadi. Buning Bahrayn mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun zarur ekani ta’kidlangan.

O’tgan yili Bahrayn hukumati mamlakatda bosh ko’targan norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirgandan so’ng Vashington bu mamlakatga qurol sotishni taqiqlab qo’ygan edi. Yangi kelishuvga ko’ra, Bahraynning qanday qurollarni sotib olishi ma’lum emas. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, ommaviy namoyishlarni bostirish uchun qo’llanilishi mumkin bo’lgan harbiy texnika sotilmaydi.

Bahraynda muxolif guruhlarning ta’qibga olinishi davom etayotgan bir paytda AQShning yana qurol savdosini tiklashi faollarning keskin noroziligiga sabab bo’lmoqda. Mamlakatda hukumat kuchlari bilan to’qnashuvlar hanuz davom etar ekan, bir qator faollar va muxolifat yetakchilari hibsga olingan.

Bahrayndagi asosiy muxolif partiya Al-Vifoq vakili Matar Matarning aytishicha, aholi AQSh qaroridan norozi.

“Bu qaror bahraynliklarni xafa qildi. Vaziyat borgan sari yomonlashib bormoqda. Hukumat qurol savdosi bo’yicha erishilgan bu kelishuvni oddiy fuqarolarni qamoqqa olish siyosatini ma’qullash sifatida qabul qiladi”, - deydi muxolifat vakili.

Inson huquqlari tashkiloti vakili Brayn Dulining aytishicha, hozirgi holatda Bahrayn bilan qurol savdosi AQShning Yaqin Sharqdagi obro’siga jiddiy putur yetkazadi.

“Qurol savdosiga yo’l berish bilan AQSh yo haqiqiy islohotlar amalga oshirildi deb hisoblamoqda yoki islohot bo’lish-bo’lmasligidan qat’iy nazar qurol sotishda davom etishini aytmoqchi. Har ikki holatda ham qurol sotish inson huquqlari borasida mamlakatda biror ijobiy o’zgarish bo’lishiga hissa qo’shmaydi”, - deydi Duli.

Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, Bahrayn siyosiy islohotlarni amalga oshirish yo’lida muhim qadamlarni qo’ygan, ammo qilinadigan ishlar hali ko’p. Lekin Bahraynning mudofaa salohiyatini mustahkamlash, AQShning Fors ko’rfazi xavfsizligini ta’minlash borasida o’z zimmasiga olgan mas’uliyatlari qatoriga kiradi, deydi AQSh rasmiysi.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 5-floti Bahraynda joylashgan. Neftga boy o’lkani Eron ta’siridan asrash uchun AQSh bu mamlakatda o’z kuchlarini saqlashni lozim ko’radi.

Qurol savdosining qayta yo’lga qo’yilishi Bahrayn qirolligining valiahdi Salmon Hamid al-Xalifa Vashingtonga tashrif buyurishi ortidan e’lon qilindi. Bahrayn qurolli kuchlarining oliy qo’mondoni o’rinbosari lavozimidagi shahzoda Vashingtonda AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Leon Panetta bilan uchrashdi.

Ayrim tanqidchilar nazarida, AQSh “Arab bahori” shabadalari esgan aksar Yaqin Sharq o’lkalarida muxolifatni qo’llab-quvvatlagan bo’lsa-da, Bahraynning asosan shialardan iborat aholi ishtirok etgan norozilik namoyishlariga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.