Bangladesh janubida roxinjalik qochqinlar turgan lagerda yong’in yuzaga kelib, kamida 15 odam o’lgan, yuzlab kishi jarohat olgan. Koks-Bazardagi yong’in natijasida minglab boshpana yonib kul bo’ldi. 400 kishidan hozircha darak yo’q. BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi so’zlovchisiga ko’ra, 560 ga yaqin qochqin tibbiy yordam uchun murojaat qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Ba’zi ayollar farzandlari yo’qolganini aytadi:
“Kecha yong’in boshlanishidan oldin farzandlarim madrasada edi. Ammo qaytib kelishganini ko’rmadim. Ikki to’ng’ich o’g’lim topildi, ammo kenjasidan hamon darak yo’q”, - deydi bir ayol.
15 qurbondan kamida uch nafarining bola ekani ma’lum. BMT vakilining aytishicha, yong’in sabab 45 ming odamni ko’chirishga to’g’ri keldi, ko’pi atrofdagi lagerlarga, ba’zilar do’stlarining palatkalariga, bolalar bilim markazlariga ko’chirildi.
Myanma armiyasining qirg’ini natijasida bir millionga yaqin roxinjalik qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi. BMTning ularni Myanmaga qaytarish harakatlari natija bermadi, chunki hukumat xavfsizlik kafolatlari bergani yo’q, roxinjaliklarga fuqarolik bermoqchi emas.