Dunyoning eng ko'p sotiladigan kitobi bu Injil. Ammo u turli mazhablarda turlicha talqin qilinadi. Yaqinda poytaxt Vashingtonda Injil muzeyi ochildi. 500 million dollarlik loyihaga qadimiy qo'lyozmalar, Injilning bir necha asrlik tarixiga oid interaktiv ko'rgazmalar qo'yilgan. Unda bahsli mavzular ham bor.
Muzeyda turli xil Injil kitoblari bor va bu ajablanarli emas. Ko'hna kitob haqidagi qo'shiqlar, ibroniy rivoyatlar va hatto Injil mavzusida ishlangan zamonaviy moda dizaynlari ham o'rin olgan.
Injilning ahamiyati katta, chunki u insonlar hayotini boshqaradi, deydi muzey ijrochi direktori Toni Zeys.
"Bu yerda o'rganish mumkin bo'lgan saboq ko'p. Biz uning tarixiga, rivoyatiga va ta'siriga e'tibor qaratyapmiz. Biz odamlarning bu ajoyib kitob bilan shaxsan munosabat o'rnatishini xohlaymiz", - deydi u.
Muzey direktoriga ko'ra, eksponatlar bir mazhabni namoyon qilmaydi va katta binoning bir necha qavatini eksponatlar bilan to'ldirishda turli talqinlarni o'rganuvchi 100 dan ortiq olim ishtirok etgan.
Iso Masih ulg'aygan Nazaret shahri ham qayta bunyod etilgan.
"Ichkariga qadam qo'yishingiz bilan o'zingizni 2000 yil oldingi boshqacha bir joyda turgandek his qilasiz", - deydi muzey xodimi Set Polinger.
Muzey konservativ nasoro tadbirkor Stiv Grin tomonidan moliyalandi. Uning oilasi dunyoning eng katta san'at va hunarmandchilik do'konlariga egalik qiladi.
"Oilamiz uchun o'zimiz ishongan narsani yashirish qiyin. Biz bu kitobning ilohiyligiga ishonamiz. Ammo bu yerda bizning vazifamiz Injil haqidagi faktlarni jurnalistik nazar bilan taqdim etish", - deydi u.
Ammo bu biroz shubhali, deydi o'zini liberal injilchi deb atovchi professor Jon Fi.
"Ular Injil haqida neytral va xolis turishni qancha xohlasa ham, bu juda qiyin. Chunki Injil doim ehtiyot qilingan va qaysidir diniy an'ana va tushuncha bo'yicha talqin qilingan kitob", - deydi u.
Jorjtaun universiteti professori yahudiy Jak Berlinerbrauga ko'ra, muzeyning yashirin maqsadlari bor.
"Muzey hech kimni Xudo, Iso yoki kitob haqida qaysidir talqinga ishonishga undamaydi, deyish absurd", - deydi u.
Muzeyni poytaxtda ochishning o'zi shu maqsadlardan biri, deydi Fi.
"Bu narsa Grinlar oilasi kabi injilchi protestantlar talqinidagi kitob ta'limotini Amerika madaniy va siyosiy hayoti markaziga olib kelishdan boshqa narsa emas", - deydi professor.
Muzeyda ko'hna san'at asarlari bor. Ayrimlari xorijdan ijaraga olingan; boshqalari esa Grinlar oilasining ulkan shaxsiy kolleksiyasidan: ular orasida Iroqdan o'g'irlab olib kelingan va oila tomonidan sotib olingan asarlar ham bor. Oila ularni qaytarib berib, 3 million dollar jarima ham to'ladi. Grinning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, muzey bunday asarlarni asl vataniga qaytarishga tayyor.
"Agar bizda ular da'vo qiladigan biror narsa bo'lsa, qaytaramiz", - dedi u.
Muzey rasmiylariga ko'ra, bu yerga kelganlar so'nggi xulosani o'zlari beradi.