Breaking News

Amerikaliklar orasida dindorlar kamaygan


Merilend shtatidagi cherkovlardan birida ko'ngillilar xizmatda
Merilend shtatidagi cherkovlardan birida ko'ngillilar xizmatda

Amerikaliklarning dinga munosabatini aniqlash maqsadida o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, voyaga yetganlar orasida “Xudoga ishonaman, har kuni ibodat qilaman, cherkovga boraman”, deganlar kamaygan.

“Pyu” (Pew) Tadqiqotlar markazi seshanba kuni e’lon qilgan “Diniy manzara - 2014” nomli tadqiqotga ko’ra, “Xudo borligiga ishonchim komil”, deganlar 2007-yilda 71 foizni tashkil qilgan bo’lsa, o’tgan yili ular soni 63 foizga kamaygan.

Shunga qaramay, AQSh diniy manzarasida katta o’zgarishlar yo’q, deydi “Pyu” markazi xodimlari. Boshqa rivojlangan mamlakatlarga qaraganda bu yerda dindorlar soni kattaligicha qolmoqda.

So’ralganlarning 77 foizi o’zni dindor, deb atagan. 2007-yilda bundaylar soni 83 foizga teng edi.

Xudoga ishonadiganlar esa 89 foiz. 2007-yilda 92 foiz edi.

So’ralganlarning 60 foizi Injil yoki boshqa kitobni Yaratganning so’zlari ekaniga ishonishini aytgan.

“O’zini dindor deganlar - bu esa aholining juda katta qismi - e’tiqodiga amal qilishda davom etmoqda va bundaylar soni sezilarli kamaymagan”, - deydi “Pyu” markazidan Alan Kuperman.

“Ular xuddi bundan bir necha yil avvalgidek, diniy marosimlarda qatnashadi, ibodat qiladi, hayotida din katta ahamiyatga egaligini aytadi. Ayrim jihatlarni olsak, diniy amaliyotlarga rioya qiladiganlar hatto ko’paygan”, - deydi mutaxassis.

1980 va 2000-yillar orasida tug’ilganlarda esa diniy e’tiqod keksalarga qaraganda unchalik kuchli emas.

Hech bir muayyan dinga e'tiqod qilmayman, deganlar soni so’ralganlarning 23 foiziga teng. 2007-yilda bundaylar 16 foizni tashkil qilgan. Shunga qaramay, “dinsiz”larning 61 foizi xudoga ishonishini aytgan.

Keskin o’zgarish kuzatilgan masala - bir xil jinsga mansub kishilarning turmush qurishiga oid. Nasroniylarning 54 foizi gomoseksuallarni jamiyat qabul qilishi kerak, deya fikr bildirgan. 2007-yilda bundaylar soni 44 foizga teng edi.

Evolyutsiya nazariyasiga kelsak, amerikaliklarning 62 foizi evolyutsiyani tan oladi, inson vaqt o’tgan sari o’zgargan, degan nazariyani qo’llab-quvvatlaydi. So’ralganlarning 34 foizi esa bunday fikrga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG