Breaking News

Ekologik muammolarni din ko'magida bartaraf etish mumkinmi?


Yaqinda jahon katoliklari yetakchisi, Rim papasi Fransisk tabiatni asrab-avaylash borasida bayonot berib, ob-havo ifloslanishiga qarshi birgalikda chora ko’raylik, deya undadi. Insoniyat va koinot uchun dolzarb bu masala islom dinida ham alohida o’rin egallaydi.

Ekologik muammolarni din ko'magida bartaraf etish mumkinmi? - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:15 0:00

O’shlik shoira Malika Komil qizi ona tabiat va sharqoniy tarbiya mavzusini xush ko’radi.

“Tabiatni asrash - har bir xonadonning ostonasidan, pokizalikdan boshlanadi. Qiz-kelinlarimiz saharda turib, hovli-ko’chaga suv sepib, supurib-sidirishadi. So’ng boshqa yumushlarga kirishishadi. Bu sharqona tarbiya qonun-qoidasi”, - deydi shoira.

Qirg’izistonda taniqli ulamo, Xalqaro islom hamkorligi markazi deb nomlangan nodavlat tashkilot rahbari shayx Sodiqjon Kamolov:

“Tabiatni asrash, Olloh yaratgan ne’matlarni ehtiyot qilish va umuminsoniy maqsadlarda foydalanish borasida Parvardigor bundan bir yarim ming yillar ilgari Qur’oni karim oyatlari bilan bandalariga tushuntirgan. Muqaddas kitobda Yer yuzida buzg’unchilik qilmanglar, xonavayron etmanglar, tevarak-atrofni bulg’amanglar, Olloh taolo shunday isloh qilib, chiroyli qilib yaratib qo’ygan atrof-muhitning tartibini buzmanglar, deyiladi”.

“Afsuski odamlar dindan uzoqlashib, ko’p narsani unutib qo’ygani kabi mazkur chaqiriqlarning mazmunidan ham olislab ketishdi. Biz, musulmonlar, birinchi navbatda Olloh yaratgan ne’matlardan asrab-avaylagan holda foydalanib, pokiza holatda kelajak avlodlarga qoldirishni o’ylashimiz lozim”, - deya davom etadi shayx Sodiqjon Kamolov.

Bu o’rinda, tabiatni muhofaza qilish sohasida, din xizmatchilari qanday hissa qo’shishlari mumkin?

“Imom-xatiblarimiz, ulamolarimiz majlislarda, odamlar to’plangan joylarda, juma ma’ruzalarida, to’y-marakalarda insonlarga shu to’g’ridagi islomiy tushunchalarni singdirib borishi kerak”, - deydi shayx.

Suhbatdoshga ko’ra, inson ongini, tafakkurini o’zgartirmay turib, tabiatni asrash, atrof-muhitni saqlab qolish va obod qilish masalasida jiddiy siljish bo’lmaydi.

Yer qimirlashi, suv toshqinlari, er ko’chkilari kabi tabiiy ofatlar yuz berganda, “odamlarning qiliq-qilmishiga yarasha bo’ldi, tabiatning, Ollohning qahri bu”, degan so’zlar ham yangrab qoladi odatda.

Shayh Sodiqjon Kamolov bu to'g’rida tegishli oyat-kalimalarni keltiradi.

“Muqaddas kitobda aytiladiki, Olloh taolo sizlarga bergan ne’matlarga shukr qilinglar, shukr qilsalaringiz Olloh ziyoda qilib beraveradi. Bu oyatdan kelib chiqadiki, aks holda, ya'ni qadriga yetmasangiz, suiiste’mol qilsangiz, Yaratgan bu ne’matlarni qirqib qo’yadi. Ushbu tushunchalarni odamzod, mo’min musulmonlar, ayniqsa, yosh avlod chuqur anglashi kerak”, - deydi suhbatdosh.

“Tabiatga munosabat deganimiz - bu Ollohga munosabat, tabiatning yaratuvchisi bo’lgan zotga munosabat. Bu ne’matning qadriga yetsak, Ollohning san’ati, qudratini tanishlikka yaqinlashsak, tabiatni qanchalar tushunsak, muhofaza qilsak, Ollohga yaqinlashgan bo’lamiz”, - deya xulosa qiladi ulamo.

XS
SM
MD
LG