AQSh Vitse-prezidenti Jozef Baydenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda yordam berishga tayyor. Bayden bu haqda Vashingtondagi Brukings tahlil markazida so'zladi.
"Ukrainani qo'llab-quvvatlash mamlakat kelajagi uchun, Yevropa xavfsizligi kelajagi uchun, xalqaro tartib kelajagi uchun muhim", - dedi Bayden.
Biroq, deydi u, Ukraina buning uchun islohotlar yo'lidan og'masligi lozim.
"Minsk bitimi shartlari to'liq bajarilmaguncha, AQShning Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalari bekor qilinmaydi", - dedi Amerika vitse-prezidenti.
Fevral oyida Fransiya, Germaniya, Ukraina, Rossiya va Ukraina sharqidagi isyonchilar imzolagan hujjat harbiy harakatlarni bas qilishni, og'ir qurollar va xorijiy jangchilarni mojaro zonasidan olib chiqishni ko'zda tutadi.
"Qo'shma Shtatlar Rossiya agressiyasi natijasida vujudga kelgan gumanitar fojiani hal etishda ham yordam beradi", - dedi Bayden.
Unga ko'ra, Rossiya Yevropadagi gegemon pozitsiyasini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
"Vladimir Putin prezidentlikka qaytganidan beri qattiq o'zgardi, qo'shni davlatlar suverenitetiga beparvo bo'ldi. Putin o'zgarib, dunyo ham o'zgardi, demak bizning siyosatimiz ham o'zgaradi. Rossiya dunyoga fosh qilishda davom etamiz", - dedi Bayden.