Bin Ladenning tansoqchisi Germaniyada yashamoqda

  • Amerika Ovozi

Osama bin Ladenning qo'lida tansoqchi bo'lib ishlagan shaxs Germaniyada hukumatdan yordam olib yashamoqda, deya xabar beradi mahalliy matbuot. Unga boshpana berilmagan, lekin deportatsiya ham qilinmayapti.

"Bild" gazetasiga ko'ra, bu shaxsning ismi Sami A, 42 yoshda, asli Tunisdan. 1997-yildan beri Germaniyaning Boxum shahrida nemis xotini va uch farzandi bilan yashaydi. Uni Tunisga deportatsiya qilishmayapti, chunki u yerda qiynoqqa solinishi mumkin.

Sami A Germaniya hukumatidan oyiga 1430 dollar yordam oladi. Gazetaning yozishicha, oila uy-joy, issiqlik va kiyim-kechak masalasida ko'mak beruvchi dasturlarga ham yozilgan bo'lishi mumkin.

Germaniya xavfsizlik idoralarining aniqlashicha, Sami A 1999-2000-yillarda Al-Qoidaning Afg'onistondagi lagerlarida tayyorgarlikdan o'tgan va Osama bin Ladenni qo'riqlagan.

"Bild" nashri 2005-yilda o'tgan sudda guvohlar uni tanigani, Afg'oniston-Pokiston chegarasida bin Ladenning tansoqchisi bo'lgani haqida yozadi, biroq Sami bularni rad etgan.

Uning Germaniyada yashash hujjatlari 2005 va 2006-yilllarda yangilanmagan va deportatsiya ro'yxatiga tushgan. Bir necha apellyatsiyadan so'ng sudlar masalani qayta ko'rib chiqib, 2017-yilda deportatsiya qarorini bekor qilgan.

Sami A Boxum shahridagi politsiya idorasiga har kuni kirib chiqishi talab qilinadi. Unga aynan davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan boshpana berilmagan.