Turkiy davlatlar tashkiloti madaniyat va ta’limga urg’u berayotir

Bishkek, 23-avgust, 2012

Bugun Qirg’iziston poytaxti Bishkekda Turkiy davlatlar hamkorligi kengashining ikkinchi sammiti bo’lib o’tdi. Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston va Qirg’iziston rahbarlari turk madaniyati va merosini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi va turk akademiyasini tuzish kabi masalalarni ko’rib chiqdi.
Anjumanda Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Turkiya prezidenti Abdulla Gul, Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev va Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizoda qatnashdi. Turkmaniston fanlar akademiyasi boshlig’i Gurbonmurot Mezilov ham ishtirok etdi.

Tashkilot 2009-yilda tuzilgan va unga Ozarbayjon, Turkiya, Qozog'iston va Qirg'iziston a'zo. O'zbekiston qo'shilmagan va bugungi sammitga ham biror vakil yubormagan.

Sammitda tashkilotning moliyaviy qoidalari ko’rib chiqildi. Turk akademiyasi tashkil etish borasidagi bitim, turk madaniyati va merosini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi tuzish xususida hujjat imzolandi. Va yakuniy hujjat sifatida Bishkek deklaratsiyasi qabul qilindi.

Turkiyzabon davlatlar tashkiloti madaniy va ta’lim yo’nalishlariga urg’u berayotir.

Taniqli diplomat, Qirg’iziston sobiq davlat kotbi Ishenbay Abdrazaqov aytishicha, akademiya va jamg’arma tuzish avvallari ham so’zga olinib kelingan.

“Ammo bu g’oyalar rasmiylashtirilmagan edi. Kengash shakllanib, kerakli mavqega ega bo’lgach, bu ishlarga qo’l urinmoqda. Bu konstruktiv boshlanish”, - deydi Abdrazaqov.

Chapdan, Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizade, Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev, Turkiya prezidenti Abdulla Gul and Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Xalil Akindji

Bishkek sammitida, 23-avgust, 2012

Turkiyzabon davlatlar hamkorligi borasida so’z yuritar ekan, mahalliy mutaxassislar yangi imkonitalar haqida gapiradi.

“Hozir madaniy, tarihiy, tillar umumligi va yaqinligi asosida bir-birini tushunish va ahillikka hissi qo’shish imkoni tug’ilyapti. Nazarimda, hozirgi dunyoda aynan gumanitar yo’nalishdan boshlash muhim. Aytilgan dasturlarda turkiyzabon davlatlar aholisiga turkiy dunyo madaniy-tarihiy merosini ko’rsatishga harakat qilinadi. Akademiya tuzilgan taqdirda dolzarb mavzularda ilmiy izlanishlar olib borish mumkin bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Turkiyzabon davlatlar hamkorligi kengashining salohiyati va istiqboliga kelsak, mahalliy kuzatuvchilar ijobiy ufqlar mavjudligini aytadi Ishenbay Abdrazaqov.

“Hozirda ko’pchilik ushbu kengashga yoki sammitga biroz oshirilgan siyosiy ahamiyat beryapti",- deydi . Menimcha, ko’proq madaniy-iqtisodiy aloqalarimizni rivojlantirishimiz kerak. Qolganni kelajak ko’rsatadi”.

​Navbatdagi sammit Ozarbayjonda bo’lib o’tadi.

Xabarlarga ko’ra, Bishkekdagi uchrashuv paytida ushbu mamlakat bosh vaziri Ozarbayjon-Armaniston tortishuviga chek qo’yishda turkiyzabon davlatlar kengashi o’z ko’magini ayamasligiga umid bildirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Bishkekda turkiy davlatlar sammiti/Ulug'bek Sokin