AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afrikaning uch mamlakatiga safar qilarkan, Bayden ma’muriyatining Afrikaning Quyi Saxara mintaqasiga doir strategiyasini oshkor qildi. Strategiya mintaqada demokratiyani targ’ib qilishga, qarzlarni uzishda, yashil energiyaga o’tishda yordam berishga, fermerlarga ko’mak ko’rsatishga qaratilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh bu bilan Afrikani Xitoy va Rossiyadan sovitmoqchi, ammo shu bilan birga…
“AQSh afrikaliklarga nima qilish va kim bilan hamkorlik qilish kerakligini aytmaydi. Boshqalar ham bunday qilmasligi kerak. Buni afrikaliklarning o’zi hal qilishi kerak”, - dedi Blinken.
Blinken qit’ada joylashgan 54 mamlakatni Rossiyani yakkalashga da’vat etib keladi. G’arbning Rossiya yakkalangani haqidagi da’volariga qaramay, Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Amerikadagi ko’plab mamlakatlar Moskvaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini qoralagani yo’q, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirmoqda. Xususan BRIKS tashkilotiga a’zo Janubiy Afrika.
Kecha Blinken shu mamlakatda bo’ldi. Uni Rossiya bosqiniga qarshi turishga chaqirdi.
"Agar yirik mamlakatlarga maydaroq davlatlarga do’q-po’pisa qilishiga, ularni bosib olib, hududini tortib olishiga ruxsat bersak, u holda nafaqat Yevropada, balki dunyo bo’ylab bunday vaziyatlarga yo’l ochgan bo’lamiz va buning oqibatlari yaxshi bo’lmaydi”, - dedi Blinken.
Janubiy Afrika Xalqaro aloqalar va hamkorlik vaziri Naledi Pandorning aytishicha, uning mamlakati Rossiya ta’siriga tushmagan, G’arb ham Afrikaga o’z ta’sirini o’tkazishga qaratilgan harakatlarini bas qilishi kerak.
“Men “u yoki bu tarafda turing” degan gaplarni yoqtirmayman. Bizga yoki Afrikaning boshqa mamlakatlariga Ukraina mavzusida bosim qo’yishlariga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.
Pandor nazarida, G’arb mamlakatlarining tashqi siyosati izchil emas. “Ukrainaga ham, falastinliklarga ham birday yordam berish kerak” dedi u.
“Xalqaro qonunchilikni qo’llashga kelganda bir xil siyosatni ko’rmayapmiz. Bu esa xalqaro tashkilotlarni ikkiyuzlamachilikda ayblashga, ularning eng zaif va yordamga muhtojlarni himoya qilish qobiliyatini shubha ostiga qo’yishga sabab bo’lyapti”, - dedi Pandor.
Kongo Demokratik Respublikasiga tashrifi chog’ida AQSh davlat kotibi qo’shni Ruanda bu mamlakatda harakat qilayotgan M23 isyonchilar guruhiga yordam ko’rsatayotganidan xavotir bildirdi. Blinken bugun Ruandaga ham boradi.
“Barcha taraflarni M23 va umuman har qanday qurolli guruhlar bilan barcha turdagi hamkorlikni to’xtatishga chaqiramiz. Shundagina mintaqada tinchlik va xavfsizlik qaror topadi”, - dedi u.
Ruanda bungacha isyonchilarga yordam berayotgani va Kongoga qo’shin yuborgani haqidagi da’volarni, M23 guruhi esa Ruandadan yordam olayotganini inkor etgan.
2012-yilda tashkil etilgan isyonchi guruh tutsi qabilasiga tegishli kongoliklarni hutu qabilasi jangarilaridan himoya qilishni o’ziga maqsad qilgan.
May oyidan beri M23 Kongoda hujumlarini kuchaytirib, o’nlab odamning o’limiga sabab bo’ldi, nazoratidagi hudud uch baravar kengaydi.