Blinkenning Yaqin Sharqdagi diplomatik faolligi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Fidan Hoqon Anqarada uchrashmoqda, 6-noyabr, 2023-yil

Arab davlatlari G’azoda otashkesin talab qilayotgan bir paytda Qo’shma Shtatlar gumanitar tanaffusga chaqirmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMAS garovga olgan odamlar ozod etilmasa, otashkesin bo’lmasligini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-noyabr, 2023-yil

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, gumanitar tanaffus garovdagilarni ozod etish, G’azoga gumanitar yordamni ko’paytirish, xorijiy fuqarolarni sektordan evakuatsiya qilish uchun kerak.

Shu maqsadda Blinken juma kuni Isroilda, shanba kuni Iordaniyada, yakshanba kuni esa G’arbiy Sohil va Iroqda, bugun Turkiyada bo’ldi.

Biroq Blinkenning diplomatik harakatlari natija bermayotgandek ko’rinadi. Netanyaxu tanaffusga “yo’q” deb javob berdi, arab davlatlari esa otashkesin bo’lishini talab qilmoqda.

AQSh mojaro kengayishining oldini olishga harakat qilayotganini bildiradi.

“G’azodagi mojarodan foydalanib qolmoqchi bo’lganlarni, mintaqadagi harbiylarimizga tahdid solayotganlarni ogohlantiramiz – bu ishga qo’l urmang”, - dedi Blinken.

AQSh davlat kotibi uchrashuvlari chog’ida ikki davlat yechimini ham muhokama qilgan.

Blinken Iordaniyada bir necha arab mamlakatining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Iordaniya vaziri Isroilni harbiy jinoyatlarda aybladi. AQSh rasmiysi otashkesinga qarshi ekanini, bundan XAMAS foydalanishini aytdi.

Ramallohda Blinken bilan uchrashgan Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbos Isroilning G’azoga hujumlarini “qatliom va vayronalar urushi” deb atadi, G’azoning Mag’azi qochqinlar lageriga hujumni qoraladi.
"Tunda vayronalar ostidan ko’p jasadlarni chiqardik. Hayotimiz ostin-ustun bo’lib ketdi”, - deydi hujumda rafiqasi va qizi jarohatlangan bir g’azolik.

7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida 9800 dan oshiq falastinlik nobud bo’lgan.

Falastin Qizil Yarim oy jamiyati G’azo shahrida al-Quds kasalxonasi atrofida tinimsiz portlashlar bo’lganini bildirdi. Sektorda oziq-ovqat, suv tugab bormoqda.

Oq uy rasmiysi 300 dan ziyod amerikalik G’azoni tark etganini, ammo AQShning yana ko’p fuqarosi qolayotganini ma’lum qildi.

Blinken Iroqga tunda borgan. Bag’dodliklar uning tashrifiga norozilik bildirib ko’chaga chiqdi.

"Bosh vazirimiz Blinken bilan uchrashganidan so’ng arab sammitida Falastin uchun ko’targan barmog’imiz sindi. Falastin xalqi qirg’inini nazorat qilayotgan tashqi ishlar vaziriga qo’l berib, o’zimizni yerga urdik”, - deydi iroqliklardan biri.

Bugun Ramallohda Vazirlar mahkamasining majlisi paytida Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayya Isroilning G’azoga so’nggi hujumida bolalar o’layotganini gapirayotib, yig’lab yubordi.

"Jasadlarini aniqlash oson bo’lishi uchun bolalar badanlariga ismlarini yozmoqda. Vayronalar ostida qolib ketgan uch bolaning onasi farzandlariga qarab, “sizlarga oxirgi marta bir qaray” deb aytdi”, - dedi Shtayya.

AQSh davlat kotibini Turkiyada ham sovuq qarshilashdi. O’nlab odam Anqarada Tashqi ishlar vazirligi yonida to’planib, AQShning Isroilga yordamini qoraladi, Blinkenni qotil deb atadi, Turkiyadan ketishga chaqirdi. Adana viloyatida esa olomon AQSh harbiylari va samolyotlari joylashgan “Injirlik” bazasiga hujum qilishga urindi. Politsiya ularni ko’zni yoshlantiruvchi gaz va suv bilan qaytarishga muvaffaq bo’ldi.

"Sionistlar safida o’layotganlarning 99 foizi askarlar. G’azoda o’layotganlarning 99 foizi esa tinch aholi. Kimdir qatliom sodir etyapti, kimdir tuproqlarini himoya qilyapti. O’z vatanini mudofaa qilganlar terrorchi bo’lmaydi. Angliya, Amerika, sionistlar asl terrorchilar”, - deydi Turkiya Inson huquqlari va xizmati jamg’armasining raisi Mustafo Sinan.

Blinken Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan ko’rishib, G’azoda gumanitar yordamni oshirish, Falastin va Isroil o’rtasida davomiy tinchlikga erishish yo’llari xususida gaplashdi.

"Biz nafaqat G’azo, balki G’arbiy Sohilda nimalar bo’layotganiga ham e’tibor qaratyapmiz. U yerda ekstremist zo’ravonliklar yuzasidan xavotirlarimizni bildirdik. Men gaplashgan har bir mamlakat bizning diplomatik harakatlarga bosh bo’lishimizni xohlaydi. Bu yerdan Yaponiyaga borib, “Katta Yettilik” guruhi majlisida qatnashaman, hamkasblarimni oxirgi uchrashuvlarda to’plagan ma’lumot va o’rgangan narsalarim haqida xabardor qilaman. Prezident Baydenga ham ma’lumot ulashib, yaqin kelajakda nimalar qilishimiz kerakligini muhokama qilamiz”, - dedi Blinken.

Yakshanba kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Riza viloyatiga borib, Falastinni Isroil zulmidan xalos qilish, hujumlarda aybdorlarni javobgarlikka tortish Turkiyaning zimmasida ekanini aytdi.

"G’azodagi birodarlarimizni e’tiborsiz, umidsiz, yolg’iz qoldirmaymiz”, - dedi Erdog’an.

Isroil G’azoga havodan, yerdan va suvdan hujum qilishda davom etarkan, G’azoning Dayral Balah shahridagi aholi turar-joylari vayron bo’ldi.

“G’azo shimolidan bu yerga kelgan edik. Xolamnikida qolgandik. Tunda bombalar yog’ila boshladi, atrof vayron bo’ldi, bizni vayrona ostidan chiqarishdi. Atrofda qizlar, bolalarning jasadlarini ko’ryapsiz. Hammasi shahid bo’ldi”, - deydi Muhammad ismli bir g’azolik.

Yevropa Ittifoqi G’azo uchun gumanitar yordam miqdorini 25 million yevroga oshirib, jami 100 million yevrogacha yetkazishga qaror qildi. Bu haqda Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen ma’lum qildi.

Ayrim tahlilchilar nazarida, G’azoda mojaroning cho’zilishi va tinch aholi orasida qurbonlarning ko’pligi falastinliklarning Isroilga nisbatan adovatini kuchaytiradi, AQShning Isroilga yordami esa arab dunyosida Amerikaga nisbatan dushmanlikni oshiradi.

“Aminmanki, bu Isroil va Falastin o’rtasida navbatdagi yana bir to’qnashuv emas. Bu arab dunyosida, Isroilda, musulmon mamlakatlarida keyingi bir necha avlodning dunyoqarashini o’zgartiradigan mojarodir. Va xususan AQSh haqidagi tasavvurlarini o’zgartiradigan mojaro”, - deydi AQShning Merilend universitetida ilmiy xodim Shibli Telhami.

Unga ko’ra, mojaro davom etgani sari uning mintaqa tinchligiga tahdidi ham kuchayadi.

“Agar shu ketishda davom etsa, “Hizbulloh”ni ushlab turish oson bo’lmaydi. Ular aralashsa, AQSh ham aralashadi, Eron aralashdi. Bayden ma’muriyati bu bilan Amerika manfaatlariga zarar yetishini hisobga olmagan ko’rinadi”, - deydi Telhami.