Advokatlar: Johar Sarnayev akasining buyrug'i bilan ishlagan

  • Amerika Ovozi

Johar Sarnayevning sudidan. Boston, 4-mart, 2015-yil.

Advokatlarning bugun, chorshanba kuni sudda aytishicha, Boston marafonidagi xurujda gumon qilinayotgan Johar Sarnayev haqiqatda 2013-yilgi hujumni amalga oshirishda yordam bergan. Lekin hamla rejasining muallifi Joharning akasi Tamerlan edi, deydi ular.

"Johar qildi bu ishni", - deydi advokat Judi Klark sudning birinchi kunida. O'sha mash'um kunda ikki qonli portlashni sodir etib, uch odamning hayotiga zomin bo'lganlik hamda 264 kishini jarohatlaganlikda aybdor topilsa, Johar o'limga hukm qilinishi mumkin.

Klark sudda chiqish qilar ekan, Joharning aybiga ko'z yummoqchi emasmiz, dedi.

Ammo yigit aslida akasi Tamerlanning ta'siriga tushib qolgan va uning buyrug'i bilan hujumlarni amalga oshirgan, deydi advokat.

Prokurorlarning ta'kidlashicha, xuruj Amerikaning musulmon davlatlardagi urushlariga nisbatan qasos bo'lgan.

Politsiyadan qochayotib Johar o'zi xohlamagan tarzda akasi Tamerlanni mashinada bosib o'ldirgan.

"Aslida Tamerlan Sarnayev radikallashgan edi", - deydi Klark. "Johar esa unga ergashgan. Dalillardan ayonki, Tamerlan hujumni rejalab, boshqargan va ukasini ham bu dahshatli qilmishga jalb etgan".

Akasini ayblab, Klark 21 yoshli Joharni o'lim jazosidan qutqarib qolmoqchi va hakamlarni shunga ishontirmoqchi.

Prokuror Vilyam Veynreb bugungi chiqishida yosh Joharni kuchli bombani harakatga keltirganlikda, shu orqali insonlarni maydalab-majaqlab, qonli bir manzarani yaratganlikda aybladi.

Veynreb hujumda qo'llangan bombalarni "terrorchilarning eng yaxshi ko'rgan quroli" deb ta'rifladi. Chunki bu bombalar favqulodda jarohatlar yetkazishga qodir.

Prokuror nazarida Sarnayev o'zini amerikaliklarga qarshi jihodga chiqqan jangchi deb bilgan. Qotilliklarni sodir etib u jannatga tushmoqni ko'zlagan, deydi prokuror.

Sarnayev bu so'zlarni tinglar ekan, hakamlarga qaramaslikka harakat qilgan.

Sud ishi uch-to'rt oy davom etishi kutilayapti.

Sarnayev unga qo'yilgan 30 ayblovni tan olmayapti.