O’tgan yili Britaniyada musulmonlarga qarshi hujumlar ikki barobar ko’paygan. Bundan jamiyat faollari xavotirda. Ular hukumatni keskinroq choralar ko’rishga undamoqda.
Rasmiylar va ayrim musulmon yetakchilarning aytishicha, o’tgan yili ikki musulmon erkakning Londonda bir ingliz askarini o’ldirgani ortidan musulmonlarga qarshi jinoyatlar soni oshgan.Ammo islom dini vakillariga qarshi kayfiyat yanada chuqurroq, deydi E’tiqod masalalari tashkiloti rahbari Fayoz Mug’al.
“Musulmonlarga qarshi gap-so’zlar ko’p, ularning ta’siri katta. Internetda ham, undan tashqarida ham kuzatiladi bu. Afsuski, jamiyatda musulmonlardan nafratlanish bor va bu hali uzoq davom etadi”, - deydi u.
Kuzatuvchilarga ko’ra, musulmonlarga hujumlar ko’proq haqorat va binolarga chiziladigan surat-yozuvlar ko’rinishida amalga oshmoqda. Masjidlar buzilgan holatar ham uchrab turadi. Shimoliy Londondagi islomiy markazga o’lik cho’chqa kallasi tashlab ketilgan.
Matbuot mamlakatda musulmonlar soni tez o’sayotgani haqida yozmoqda. Britaniya musulmonlari uyushmasi rahbari Umar Al-Hamdun islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ta’kidlaydi.
“Musulmonlar soni oshar ekan, islomofobiya muammosini hal etish kerak. Musulmonlar o’zlarini shu jamiyatning bir qismi sifatida his qilsin”, - deydi u.
Ammo bu qiyin masala ekanini Al-Hamdunning o’zi ham tan oladi.
“Biz, musulmonlarda, o’z amallarimiz, ehtiyoj va qarashlarimiz bor. Bularning barchasini jamiyat bilan to’liq uyg’unlashtirish qiyin”, - deydi uyushma rahbari.
Britaniyada musulmonlar soni 1,6 million bo’lib, aholining 3 foizini tashkil etadi. Ammo jangarilar masalasi, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar hamda muhojirlarga qarshi kayfiyat jamiyatda musulmonlarga nisbatan salbiy qarashlarning kuchayishiga hissa qo’shmoqda, deydi musulmon yetakchilar.
“Yevropada, afsuski, nafrat degan muammo bor. Bu yerda “o’zgalar”ni qabul qilmaslik kayfiyati kuchli”, - deydi Fayoz Mug’al.
O’tgan yili Britaniyada dinlararo ixtilof va nafratni targ’ib etuvchi chiqish va gaplarni jazolashni ko’zda tutadigan qonun qabul qilingan edi. Mug’al fikricha, qonun yanada kuchaytirilishi kerak. Musulmonlarga qarshi sodir etilgan hujumlarni taftish qilishda politsiya faolroq bo’lsin, sudlar boshqa dinlar vakillariga qarshi jinoyatlar uchun og’irroq jazo bersin, deydi faol. Jamiyat yetakchilari va mutaxassislar fikricha, ta’limiy dasturlar orqali islom va uning Yevropa jamiyatlariga qanchalar mos ekani haqida musulmon va nomusulmonlarning bilimini oshirish kerak.