Breaking News

AQSh masjidlarida ochiq eshiklar kuni o'tkazildi


Janubiy Kaliforniya islom markaziga musulmon bo'lmagan amerikaliklar tashrif buyurdi, 27-oktabr, 2013-yil.
Janubiy Kaliforniya islom markaziga musulmon bo'lmagan amerikaliklar tashrif buyurdi, 27-oktabr, 2013-yil.
27-oktabr kuni AQShning San-Diyegodan tortib Los-Anjelesgacha bo’lgan shaharlarida masjidlar turli din vakillari uchun o’z eshiklarini ochdi. “Ochiq masjid kuni” deya atalgan tadbir Janubiy Kaliforniya islomiy sho’ro kengashi tomonidan tashkil etildi. Uni o’tkazishdan maqsad 11-sentabr voqealaridan keyin musulmonlar haqida paydo bo’lgan turli tasavvurlarga oydinlik kiritishdir.
AQShda ochiq masjid kuni, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:35 0:00
Yuklab oling

Nasorolar cherkovga tashrif buyuradigan kun musulmonlar ularni masjidlarga ham kirib o’tishga undadi.

“Ochiq masjid kuni”ni o’tkazishdan maqsad o’zimizni va jamiyatimizni, dinimiz va madaniyatimizni boshqa e’tiqod va toifadagi aka-singillarimizga tanishtirishdir”, - deydi Janubiy Kaliforniya islom markazi vakili Ahmad Asim Buyuksoy.

Gloriana Pionati tadbir haqida cherkovdan eshitib kelganini aytadi.

“Nima bo’lishi haqida tasavvurim yo’q edi. Odamlarning tabassum bilan kutib olishlari men uchun yoqimli yangilik bo’ldi”, - deydi u.

O’zini Stiv deb tanishtirigan odam bu yerga aniq maqsad bilan kelganini aytadi.

“Men bu yerga islomning yovuz jihatlari haqida gaplashish uchun keldim. Qur’on aslida nafrat, zo’ravonlik va qotillikni nafaqat oqlaydi, balki muqaddas darajaga ko’taradi”, - deydi u.

“Johillik, afsuski, hanuz atrofimizda kezib yuribdi. Amerika jamiyati islomiy amallarni va musulmonlarni tushunishda ancha siljishga erishdi. Ammo oramizda musulmon jamiyatlariga qarshi nafrat qo’zg’atishga urinuvchilar hanuz bor”, - deydi Amani Shams ismli amerikalik musulmon.

Islom markazi a’zosi Mahmud Abdul Bositning aytishicha, AQShda ayrim odamlarning islomofobiyaga berilishida matbuotning roli katta.

“Ular matbuotda ko’radigan narsalaridan ta’sirlanadi. Noto’g’ri axborot ham ko’p. Odamlar o’ylagandek emas, aslida boshqacha ekanimizni ko’rsatish majburiyati ostida qoldik”, - deydi u.

Solih Xolakining aytishicha, amerikalik musulmonlar boshqa davlatlardagi musulmonlarga qaraganda ancha mo’tadildir. AQShda musulmon va musulmon bo’lmaganlar o’rtasida farqlardan ko’ra o’xshashlik ko’p, deydi u.

“Men hamma kabi odamman. Dinim boshqa, ammo jamiyatdagi hamma qatori bir xil qadriyat, manfaat va oilaviy qadr-qiymatlarga ergashaman”, - deydi u.

Xolaki kabi musulmonlarning umid qilishicha, “Ochiq masjid kuni” kabi tadbirlar musulmonlar haqidagi noto’g’ri tasavvurlarni kamaytirib, amerikaliklarga musulmonlar hayoti haqida xolis axborot berishga xizmat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG