Burkina-Fasoda mehmonxonaga hujumda 23 kishi o'ldi

  • Amerika Ovozi

Burkina-Faso poytaxtida islomiy jangarilar mehmonxonaga hujum qilib, yuzlab odamni garovga olgan. Ularni ozod etish bo'yicha operatsiya 23 kishining o'limi bilan yakunlandi.

Rasmiylar bergan ma'lumotga ko'ra, 150 dan ziyod odam jihodchilar qo'lidan ozod etilgan. O'lganlar 18 mamlakat fuqarosi.

Uagadugu shahridagi "Splendid" mexmonxonasi doim chet elliklar bilan gavjum ekani aytiladi. Binoga bostirib kirganlardan ikkisi ayol va biri erkak - hammasi o'ldirilgan.

Otelni ishg'ol qilishda mahalliy kuchlar qatorida Fransiya harbiylari ham qatnashgan. Burkina-Faso - Fransiyaning sobiq koloniyasi.

Hujumni "Islomiy Mag'ribdagi al-Qoida" nomli guruh amalga oshirganini tan oldi.

Afrika qit'asida joylashgan Burkina-Fasoda 2014-yilning oktabrida yirik namoyishlar natijasida Prezident Blez Kompaore ishdan ketgan. 2015-yilning sentabrida esa xalq harbiylar isyoniga guvoh bo'ldi. Yangi rahbarlar saylanguncha mamlakatni muvaqqat hukumat boshqardi.

Islomiy jangarilar qo'shni Malida ham o'xshash hujumlarni amalga oshirgan.