Din

Birmada buddist va musulmonlar yana to’qnashdi

  • Amerika Ovozi

Lashio shahridagi manzara

Birma sharqidagi Lashio shahrida kecha buddistlar va musulmonlar o’rtasida qonli olishuvlar ro’y bergan.

Musulmon erkak buddist ayolni yoqib yuborgani va qamoqqa olingani haqidagi xabarlar ketidan to’polon boshlangan. Buddist monaxlar politsiya idorasini qurshab olib, hibsdagi odamni ularga topshirishni talab qilgani aytiladi.

Talabi qondirilmaganidan g’azablangan odamlar shahardagi yirik masjid, madrasa va do’konlarga o’t qo’ygan.

Hukumat kechga borib, Lashioda komendant soati e’lon qilib, har qanday yig’inlarni taqiqlab qo’ygan.

Talofatlar haqida aniq ma’lumot yo’q. Aholisi asosan buddistlardan iborat Birmada musulmonlarga qarshi hujumlar tez-tez ro’y berayapti.

O’tgan yili Rakxayn shtatidagi olishivlar taxminan 200 odamni hayotdan olib ketgan edi.

Bu orada, Birmada Kachin isyonchilari bilan muzokaralarning navbatdagi davrasi boshlangan. Maqsad shimoldagi bu shtatda otishmani to’xtatish. Mamlakatda ikki yildirki Kachin isyonchilar armiyasi va harbiylar o’rtasida janglar ketayapti.

Ziddiyat yuz minglab kachinliklarni uyini tashlab chiqishga majbur qilgan. Ixtilofni tugatish maqsadida Xitoyda sal oldin o’tgan muloqotlar natija bermagan.

Birma 1948-yilda mustaqillikka erishganidan beri ozchilik elatlar markaziy hukumatga qarshi qo’zg’olon ko’tarib, muxtoriyat talab qilib keladi.