Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka ehtimoliy nomzod, Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush Barak Obama olib borayotgan tashqi siyosatni keskin tanqid qilib chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bushlar sulolasi vakilini ko'pincha akasi va otasi bilan qiyoslashadi. Biroq Jeb Bush tashqi siyosat va boshqa masalalar mening o'z qarashlarim bor, deydi.
2016-yilgi prezident saylovlariga hali ancha vaqt bor. Jeb Bush prezidentlik uchun poygada qatnashishini rasman e'lon qilganicha yo'q, boshqalar qatori tayyorgarlik pallasida. Ammo Chikagoda o'tgan anjumanda u nomzodlarga xos ravishda katta nutq so'zladi.
"Barak Obamaning rahbarligi ostida Amerika tashqi siyosatida izchillik yetishmaydi, bizni jur'atsiz bir davlat deb ko'rishyapti. Ittifoqchilarimiz bizga ishonmay, dushmanlarimiz esa qo'rqmay qo'ygan", - deydi Jeb Bush.
Uning aytishicha, bugun Qo'shma Shtatlar xalqaro sahnada avvalgidek ta'sir kuchiga ega emas. Sobiq gubernator, xususan, Obamaning Kuba, Ukraina va Eronga doir qarorlarini tanqid qildi.
Tashqi siyosatda, deydi Bush, uch yo'nalish muhim. Iqtisodiyotni oyoqqa turg'izish, xorijiy davlatlar bilan ittifoqchilik rishtalarini mustahkamlash hamda tahdidlarga munosib javob berish uchun armiyani kuchaytirish kerak.
"Zaiflik urushga yetaklaydi, kuch-qudrat esa tinchlikka zamin yaratadi", - deb hisoblaydi Jeb Bush.
Jeb Bush - Amerikani 1990-yillarda boshqargan Jorj Bushning o'g'li va 2000-yillarda prezidentlik qilgan Jorj Bushning ukasi.
"Akam, otam men uchun qadrdon odamlar. Ular vatanga xizmat qilgan, o'ziga yarasha murakkab qarorlar qabul qilgan. Lekin men boshqa odamman, o'z yo'lim, o'z tajribam, o'z fikrlarimga tayanib ish tutaman", - deydi Bush.
Kenja Jorj Bush 2009-yilda prezidentlikdan ketayotganida mamlakat chuqur qarzga botgan, Iroq urushi yuzasidan norozilik avj olgan bir davr edi. So'nggi ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, Ayova, Kolorado va Virjiniya kabi muhim shtatlarda aholining 30 foizi o'sha voqealar sabab Jeb Bushga ovoz bermasligini aytgan.
Sobiq gubernator hozirda imkoniyatlarini taroziga qo'yib, mablag' to'plamoqda, maslahatchilarni yollagan. Uning ismi hammaga tanish ekani sabab tarafdorlari ham ko'p, deydi tadqiqotchi Piter Braun.
"Respublikachi da'vogarlar orasida Jeb Bush eng ko'p mablag' to'plashi kutilmoqda. Sobiq prezidentlar oilasidan bo'lishning o'ziga xos ustun jihatlari bor. Ularning izidan yurasiz, ular qoldirgan moliyaviy tizimdan siz ham foydalanasiz", - deya tushuntiradi Braun.
Kelasi oylarda prezidentlikka intilayotgan qator siyosatchilar maydonga chiqadi. Respublikachilar partiyasidan o'nlab arboblar Jeb Bush qatorida yagona nomzod bo'lish uchun kurashadi.
Demokratlardan esa hammaning ko'zi sobiq tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonda. U ham hali rejalarini e'lon qilgani yo'q.