1979-yilda Sovet qo’shinlari Afg’onistonga kirgach, mamlakatni 5 million qochqin tark etgan, ayrimlari Amerikada boshpana olgan. Kaliforniya shtati, Alameda okrugida kattagina afg’on amerikaliklar jamoasi yashaydi. “Amerika Ovozi” okrugning “Kichik Kobul” mahallasida bo’ldi.
Fremont shahrini o’rab turgan tog’lar bu yerda yashovchi ayrimlarga vatanni eslatadi - Afg’onistonni.
Ular orasida 1970-80-yillarda Afg’onistondagi urushdan qochib kelganlar bor. Bu ko’chada ko’plab afg’on restoran va do’konlar joylashgan. “Kichik Kobul” deyishadi.
“Fremont bulvarini “Kichik Kobul” deb ataymiz. Istagan afg’on taomlarini, kiyim-kechaklarini shu yerdan topasiz. Kobul madaniyati ham shu yerda”, - deydi Hasib Alamxel.
“Kobulda o’tgan bolalik davrlarimni yodga soladi”, - deydi afg'on muhojiri Nosir Sami.
Fremont shahridagi afg’on restoranlariga kaboblarni tatib ko’rish uchun ayrimlar boshqa shaharlardan ham keladi.
“Ovqat mazali bo’lgani uchun kelamiz. Egasi ham yaxshi odam”, - deydi Said Zaidi.
“Atrofdagi hamma oshxonalarda bo’lganman. Tovuqni juda zo’r tayyorlashadi”, - deydi yana bir mijoz Brent Xeller.
“Taomlar - o’zga madaniyatlar haqida o’rganishning ajoyib usuli. Bu restoranga qadam qo’yganimda, avloddan avlodga o’tib kelayotgan retseptlar asosida tayyorlangan ovqatlarni tatib ko’raman”, - deydi Melissa Lay.
Fremont bulvari bo’ylab joylashgan do’konlarda an’anaviy zargarlik buyumlari, Afg’onistonga xos kiyim-bosh xarid qilasiz.
Mayvand do’konida esa “barbari” deb atalmish afg’on nonlari sotiladi. Mashinada qorilgan xamir kesib chiqiladi va qo’lda tekislanib, non yopiladi.
“Shu nonni yaxshi ko’ramiz, doim sotib olamiz. Afg’onistonni eslatadi. Bunaqa mazali nonni boshqa joyda uchratmaganman”, - deydi xaridor Kaula al-Qaysi.
Ayrim afg’on muhojirlar AQShning boshqa shaharlariga ko’chib ketgan. Aziz Umarning bu yerda restorani bor.
“Qiyin bo’lsa ham harakat qilib, shu yerda qoldik. 25 yil bo’ldi. Afg’on bayrog’ini osib qo’yganmiz”, - deydi u.
Jamoaga yangi muhojirlar kelib qo’shilmoqda, ammo narx-navo yuqoriligi sabab Fremontni tark etayotgan oilalar ham oz emas.