Kaliforniya shtatida qatliom, 14 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

San Bernardino - 200 mingdan oshiq aholiga ega shahar. So'lim va osoyishta maskan sifatida tanilgan.

Kaliforniya shtatining San Bernardino shahrida imkoniyati cheklangan odamlarga xizmat ko'rsatadigan markazda qurolli hujum... 14 kishi o'lgan. 10 dan ortiq odam yaralangan.

Politsiyaning bildirishicha, jinoyatchilar kamida uch kishi bo'lgan. Ikkisi, bir erkak va bir ayol, politsiya o'qidan o'lgan. Uchinchisi qidiruvda.

Voqea joyiga portlovchi moddalar tashlab ketilgan, deya bayon qiladi Federal Qidiruv Byurosi, hozirda maskan xavfsizlantirilgan.

San Bernardino - 200 mingdan oshiq aholiga ega shahar. So'lim va osoyishta hudud sifatida tanilgan. ​

AQShda bunday qurolli jinoyatlar tez-tez kuzatiladi. Bu yilning o'zida 351 otishma yuz bergan. To'rt yoki undan oshiq kishi o'ldirilgan holatlar haqida gap ketmoqda.

O'tgan hafta Kolorado shtatida bir amerikalik ayollar salomatlik markazi - abort xizmatini ko'rsatadigan "Planned Parenthood" muassasida o't ochib, uch odamni o'ldirgan va bir necha kishini og'ir yaralagan edi.

Prezident Barak Obama, demokrat lider, qurol nazoratini kuchaytirish va mavjud qonunlarni o'zgartirishga chaqirib keladi biroq Kongressda hukmron respublikachilar uning takliflariga qarshi.

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan ikkinchi o'zgartirish fuqarolarga qurolga egalik qilish huquqini beradi. Ko'plab amerikaliklar nazarida qurol shaxsiy himoya va ovchilik maqsadlari uchun zarur.

Bu huquqni cheklash lozim deb chiqayotgan fuqarolar ham ko'p. Ular fikricha, yuqoridagi qonun eski zamonga xos. Bugun qurolga egalik shaxsiy xavfsizlikka tahdid soluvchi asosiy omil, deydi ular.

Qurolni qo'lga kiritish osonligi sabab ham jinoyat ko'lami keng, deydi demokrat qonunchilar.

Har bir shtat bu borada o'z qonun-qoidalariga ega. Ayrim shtatlarda qurolga egalik keskin cheklangan.

Respublikachilar ta'biricha esa jinoyatlar ortida faqat qurol turibdi deyish noto'g'ri. Insonni atrofdagilarni o'ldirishga yetaklaydigan omillar xilma-xil va murakkab, ularni konstitutsiyani o'zgartirish bilan bartaraf eta olmaysiz, deydi konservatorlar.

Amerika Qurol Uyushmasi - eng kuchli tashkilotlardan biri. Qurolga egalik - fuqaroning uzviy huquqi, deya keng targ'ibot olib boradi.