2016-yilgi prezidentlik saylovini yoritish jurnalistlar uchun oson kechmayapti. Jurnalistikaning oltin qoidasi bu muvozanat. Biroq Donald Trampdek respublikachi nomzodning bahsli qarashlari hamda ularni yoritishda muxbirlarning demokrat Hillari Klintonga yon bosayotgani haqidagi iddaolar bahs-munozaralarga sabab bo'lmoqda.
2016-yilgi saylov kampaniyasida jurnalistlar ham asosiy qahramonlarga aylandi. Bunga sabab yana Donald Tramp, deydi Amerika Matbuot institutidan Tom Rozenstil.
"Respublikachilar partiyasi, ayniqsa, Donald Tramp matbuotni noqobil deb qoraladi va jurnalistlarni kampaniyaning bir qismiga aylantirdi", - deydi u.
Tramp tarafdorlari noxolislikdan shikoyat qilsa, Klinton jamoasi matbuotni "soxta xolislik"da aybladi. Xolislik deb Trampning aslini fosh qilmaslik adolatdan emas, deydi demokratlar.
"Agar bugun men Klintonning nima deganini va uning to'g'ri yoki noto'g'riligini yoritadigan bo'lsam, shu ish ustida qattiq ishlayman. Bu kecha Tramp aytgan gaplarning faqat to'rtdan uch qismi darajasida jiddiy deb ayta olmayman. Faqat shu miqdorda e'tibor qaratish to'g'ri emas", - deydi Rozenstil.
Ispanzabon teleradiokompaniyada ishlovchi Dori Toribio muxbirlarning noxolis ishlayotganiga ishonmaydi.
"Media Donald Trampni qilgan va aytgan ishlari uchun tanqid qilyapti. Uning siyosiy va ideologik fikriga qarab emas", - deydi u.
Toribo muhojir, ispanzabon va ayol. Bu toifadagi insonlarni haqoratlagan Trampni yoritish oson emas, ammo betaraf bo'lishga harakat qildim, deydi u.
"Jurnalistning muhim vazifalaridan biri nomzod nima deyayotgani, uning haqiqat yoki yo'qligi haqida jamoatchilikni ogoh etish", - deydi Milliy Matbuot klubi vakili Tomas Bur.
Ammo jurnalistlar hakamlikka berilib ketsa, oqibati yaxshi bo'lmaydi, deydi Rozenstil.
"Jurnalistlar fuqarolar nomidan kuzatuvchi bo'lishi kerak. Nima ro'y bergani, nima va nima uchun aytilgani, maqsad nima, shularning tagiga yetishi kerak. Lekin xulosa chiqarish fuqaroning o'ziga havola qilinsin", - deydi u.
Yanvarda Oq uyga kim kirsa ham, bu galgi saylov nafaqat nomzodlar, balki jurnalistlar uchun ham unutilmas voqea bo'lib tarixga kiradi.