AQShda prezident saylovlariga uch haftadan oz vaqt qolarkan nafaqat nomzodlar, balki ularning tarafdorlari ham bir-biri bilan olishmoqda. Olishuv turli shaklda kechmoqda.
Masalan, respublikachilardan nomzod Donald Trampning AQSh-Meksika chegarasida devor ko'tarish taklifini norozilik bilan qarshilagan demokrat saylovchilar Las-Vegas shahrida meksikacha tako taomini sotuvchi mashinalardan o'ziga xos devor yasadi.
“Rosa ko'p takolar keltirdik, devorni ham qildik. Trampning bu mamlakatdagi muhojirlarga nisbatan haqoratlariga munosabatimizni shu tariqa bildirmoqchimiz. Mamlakatimizning muhojirlar tomonidan yaratilganini Tramp bilmasa kerak. U qurmoqchi bo'lgan devor bizni bo'lib qo'ya olmaydi, aksincha birlashtiradi", - deydi Oshpazlar kasaba uyushmasi a'zosi Geokonda Arguello Klayn.
Tashkilot Las-Vegas aholisini Demokratik partiyadan nomzod Xillari Klintonga ovoz berishga da'vat etib keladi. .
“Tramp muhojirlarni zo'ravon, giyohvand, jinoyatchi deb atadi. Muhojir sifatida bunga qarshiman. Men yolg'iz onaman, bolalarimzni shu mamlakatda katta qildim. Qizim hozir Harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilyapti. Amerikalik ekanimizdan faxrlanamiz", - deydi kasaba uyushma a'zosi Karmen Llarul.
Klinton tarafdorlarining norozilik namoyishiga Tramp tarafdorlari qo'shilib, o'z fikrlarini bildirmoqchi bo'ldi, ammo klintonchilar trampchilarni oradan haydab chiqarishga harakat qildi.
“Fikr bildirishga harakat qildim, lekin atrofimdagi bulbullar ataylab bunga halaqit qildi", - deydi "Xitoylik amerikaliklar Trampni yoqlaydi" harakati asoschisi Tian Van.
Xitoylik bu muhojirning aytishicha, guruhga olti ming kishi a'zo va ular Klintonga qarshi ovoz berishi kutilmoqda.
“Tramp respublikachilarga xos qadriyatlarni targ'ib qilmoqda, xitoylik amerikaliklarga shu qadriyatlar to'g'ri keladi. Biz uchun ta'lim, xavfsizlik muhim. Terrorchilar nishoniga aylanishni istamaymiz. Obama esa bizni "Islomiy davlat"dan himoya qila olmadi”, - deydi Van.
Unga ko'ra, Tramp Uoll Stritdagi boylar, yirik korporatsiyalarga sotilmagan yagona nomzoddir.
"U xalq tomonidan tanlangan va xalq uchun harakat qilayotgan nomzod", - deydi tadbirkorning yana bir muxlisi Nestor Moto.
Klinton va Tramp o'rtasida bo'lib o'tgan yakuniy teledebatga mezbonlik qilgan Nevada universitetining tashqarisida ikki nomzod tarafdorlari bir-biridan bir necha kilometr narida namoyish qildi.
Tramp saylov soxtalashtirilishi mumkinligi haqida bong urmoqda.
“Hayotdan ko'z yumgan odamlar saylovchilar ro'yxatidan ollib tashlanmagan. Buni tekshirish kerak", - deydi "Milliy xilma-xillik koalitsiyasi Tramp uchun" tashkiloti rahbari Bryus Level.
"Pyu" tadqiqotlar markaziga ko'ra, olamdan o'tgan odamlarning 1,8 millioni hamon saylovchilar ro'yxatida turibdi.
Klinton tarafdorlari ularning nomzodi g'irromlik bilan g'alaba qozonishiga ishonmaydi.
“Bunday da'volar yolg'on. Tramp nomzod bo'la turib hozirdan saylov natijalariga ishonmasligini aytayotgan bo'lsa, Amerika demokratik tizimiga ishonmasa, nega saylovda qatnashadi", - deydi Klinton tarafdori, tadbirkor Mark Kyuban.