AQShning Janubiy Karolina shtati bugun prezidentlik uchun demokrat da'vogarlarga ovoz berayapti. Respublikachilar bu yerda o'tgan hafta bellashib, biznesmen Donald Tramp g'olib chiqqan edi.
Demokratlar orasida esa sobiq vazir Hillari Klinton senator Berni Sanders ustidan g'alabani qo'lga kiritishi kutilyapti. Janubiy Karolinada o'tkazilgan so'rovlarda Klinton raqibidan qariyb 50 foiz oldinda.
Klintonga ovoz bergan fuqaro Kris Vilyams deydiki:
"U prezidentlik uchun eng loyiq, malakali arbob. Mamlakatni oldinga siljitish uchun olg'a surayotgan taklif-g'oyalari menga ma'qul".
Jerri Shayps esa Berni Sandersga ovoz bergan. "Berni xalq ichidan chiqqan va xalq tarafida. U o'rta qatlam uchun jon kuydiryapti", - deydi u.
Bu shtatda har ikki nomzod afro-amerikaliklar ovozini olishga harakat qilayapti. Qora tanlilar manfaati uchun kurashuvchi bir qancha uyushmalar Klintonni yoqlab chiqqan.
Prezidentlikka nomzodlarni saralash jarayoni hozirgacha shtatma-shtat o'tayotgan bo'lsa, 1-mart kuni 10 dan oshiq shtatlar aholisi birvarakayiga ovoz beradi.
Yozga borib, Demokratik va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar kim bo'lishi aniqlanishi kerak. 8-noyabrda xalq ikkisidan birini Oq uyga saylaydi.