AQSh yangi Mudofaa vaziri Eshton Karter bugun Afg'oniston janubiga safar qilib, bu mamlakatda qolayotgan 10 ming amerikalik askarni kelasi ikki yilda chiqarish rejasi xususida gaplashgan. Karter Kobul va Qandahorda Afg'oniston rahbarlari va AQSh harbiy qo'mondonlari bilan uchrashgan.
Karter amerikalik askarlar afg'on xavfsizlik kuchlarini qanday tayyorlayotgani bilan ham tanishdi.
"Afg'onlar bizning kuchlarimiz so'nggi yillarda yaratgan muhitni, vaziyatni saqlab qola olishiga amin bo'lishni istaymiz. Bu nisbiy barqarorlik va xavfsizlik", - dedi AQSh mudofaa vaziri.
Prezident Ashraf G'ani AQShdan askarlarini tez olib chiqmasliknin so'ragan. Karterning aytishicha, ayni damda Afg'oniston iltimosi o'rganilmoqda. Karter bilan Kobulda uchrashgan Prezident G'ani kelasi oy Vashingtonda bo'lib, shu masalani ko'tarishi kutilmoqda.
AQSh harbiylarini yil oxirigacha chiqarishni rejalagan. Biroq Karter bunga qarshi. U shu haqda yaqinda Senatdagi tinglovda so'zlagan.
Afg'on rahbariga ko'ra, hukumat Tolibon bilan muzokara qilishga umid qilmoqda. Hozir buning uchun sharoit qar qachongidan yaxshi, deydi u.