Amerika Mudofaa vaziri Eshton Karter Turkiyani o'zini "Islomiy davlat" deya tanitayotgan jangari guruhga qarshi jadalroq kurashga, chegaralarni puxtaroq mudofaa qilishga chaqirdi.
Turkiya o'tgan oyda Amerikaga o'zining Injirlik harbiy havo bazasidan "Islomiy davlat"ga qarshi janglarda foydalanishga ruxsat berdi. Biroq Anqara o'zi asosiy e'tiborini mintaqada kurd isyonchilariga qarshi choralarga qaratdi.
Qo'shma Shtatlar Turkiya o'z chegaralaridan Suriya va Iroqqa o'tayotgan "Islomiy davlat" jangarilariga ham birday diqqat qaratadi, degan umidda.
Turkiya mojaro o'chog'i hisoblangan davlatlarga qo'shni, deydi Eshton Karter. NATOning uzoq yillik a'zosi va jangarilarga qarshi koalitsiyaning vakili sifatida chegarani ham mustahkamlasin, dedi Pentagon rahbari.
Mudofaa vazirining aytishicha, Prezident Barak Obama ham Turkiyaga ayni murojaat bilan chiqqan.
Eshton Karter "Islomiy davlat" jangari guruhi mag'lub bo'lishiga ishonchi komil. Biroq kurash murakkab va mashaqqatli bo'lishi aniq, deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5