AQSh harbiylari O'zbekistonda harbiy baza ochish haqida muloqot o'tkazilganini rad etdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni general Lloyd Ostin

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo'mondonligi O'zbekistonda harbiy baza ochish masalasida Toshkent bilan muzokara olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Avvalroq O'zbekistonda joylashgan internet nashri tarqatgan xabar asosida Rossiyaning "RIA Novosti" axborot agentligi AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni general Lloyd Ostin O'zbekistonga tashrif buyurib, Termiz shahrida harbiy baza ochish masalasini muhokama qilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Ostinning so'zlovchisi mayor Brayn Fikelning aytishicha, tashrif davomida harbiz baza ochish haqida gap bormagan.

"General Ostin O'zbekistonda ehtimoliy AQSh bazasi ochilishi haqida biror reja borligi haqida hech qanday ma'lumotga ega emas, - dedi u. - Tashrifi davomida u o'zbekistonliklar bilan bunday masalalar haqida gaplashgani yo'q".

AQShning yuqori martabali harbiylari Toshkentda prezident Islom Karimov hamda boshqa rasmiylar bilan uchrashgan, ammo Afg'onistondagi amaliyotlar haqida so'z bormagan, deydi Fikl.

2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng AQSh Afg'onistonda harbiy amaliyot boshlagach, rasmiy Toshkent Qarshi-Xonobod aviabazasini aqshliklar ixtiyoriga topshirgan edi. Ammo 2005-yilgi Andijon namoyishlari zo'ravonlik bilan bostirilgach, O'zbekiston AQSh tanqidlariga duchor bo'ldi va natijada ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar yomonlashib, Xonobod harbiy bazasidagi AQSh harbiylari faoliyatiga chek qo'yildi.

So'nggi yillarda Toshkent va Vashington aloqalarida yana iliqlashish kuzatilmoqda. Kuzatuvchilar tobora Rossiyadan uzoqlashish yo'lidan borayotgan O'zbekistonning AQSh yordamidan umid qilayotganini aytadi.