AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk 7-iyun kuni Vashingtonda o'tgan anjumanda mintaqa bilan harbiy hamkorlik, jumladan, O'zbekiston bilan bu boradagi rishtalarga to'xtaldi.
O'zbekiston Amerikadan harbiy vositalar so'ramoqda, Vashington nima deb javob qilmoqda", - deb so'raganimizda, Bleyk bu borada hali biror qarorga kelinmagan, qo'shimcha yordam shartlarga asoslanadi, deb javob berdi.
Shunisi aniqki, Karimov ma'muriyati AQShdan harbiy vertolyotlar xarid qilmoqchi. Lekin har qanday davlatga har qanday qurol yoki vosita uchun Obama rahbariyati Kongressdan ruxsat olishi shart.
Ayrim kongressmenlar, xususan, yil boshida Toshkentga safar qilib, prezident Islom Karimov bilan so'zlashgan respublikachi Dana Rorabaker (Dana Rohrabacher) O'zbekiston iltimosiga ijobiy javob berish kerak desa-da, boshqalar bu fikrdan yiroq.
Inson huquqlari og'ir ahvolda qolayotgan va yaqin tarixda o'z xalqiga nisbatan qurol ishlatgan hukumatni harbiy vositalar bilan ta'minlash na u mamlakat va na Amerika xalqi manfaatlari uchun xizmat qiladi, deydi siyosatdonlar.
2005-yilda Andijondagi namoyishlar qonli bostirilgani G'arb ahli tomonidan qatliom deya baholangan va Amerika davlat hujjatlarida O'zbekiston inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladigan yurt deya tahlil qilinadi.
Huquq tashkilotlari nazarida AQSh-O'zbekiston aloqalarida xavfsizlik sohasi hamma narsadan ustun qo'yilayotgani Afg'onistonni hisobga olganda tushunarli, lekin erkinlik va demokratiyaga e'tibor pasaymasligi kerak.
Afg'oniston yuzasidan borayotgan hamkorlik sabab Vashington o'tgan ikki yil mobaynida O'zbekistonga harbiy madad ko'rsatdi. Jumladan shu yilning mart oyida chegarani nazorat qilish salohiyatiga ega bir necha uchuvchi robot apparatlar uzatildi.
Bleyk Vashington pozitsiyasini tushuntirar ekan, Karimov ma'muruyatiga bir narsa ochiq aytilmoqda, deydi: respublikada vaziyat yaxshilanmasa, Amerika bilan hamkorlik kengayishi qiyin.
O'zbekistonga beriladigan har bir yordam, uning ortidagi maqsad va manfaat, sheriklik yuzasidan har bir qaror elakdan o'tkaziladi - bu Vashingtonga xos ish yuritish.
Ba'zida AQShdan harbiy vosita yoki qurol so'rayotgan davlatlar jarayon naqadar murakkab va uzoq ekanidan to'yib, ahdidan qaytadi. O'zbekiston ham shu yo'ldan borishi mumkin degan taxminlar bor. Prezident Karimov Amerika vertolyotlari kerak emas deya qo'l siltab, zarur vositalarni boshqa joylardan ham olishga tayyor ekanini ko'p marta uqtirgan, deydi ism-sharifi oshkor etilmasligini so'ragan rasmiylar.
Amerika 2014-yil oxiriga borib Afg'onistonni butkul tark etgach mintaqani unutadi degan xavotir va taxminlar o'rinsiz va asossiz, deydi Bleyk.
Diplomat Vashingtonda Vudrou Uilson (Widrow Wilson Center) siyosiy tahlil markazida o'tgan anjumanda quyidagilarni bayon qildi:
-
Markaziy Osiyo va Afg'oniston Amerika uchun juda muhim mintaqa. Afg'onistonni taraqqiy ettirish uchun say-harakatlar to'xtamaydi.
-
Vashington har bir respublika bilan keng qamrovli hamkorlik tarafdori.
-
AQSh mintaqa bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda birga ishlab, bu xalqlar taraqqiyoti uchun hissa qo'shishni istaydi, chunki bu uning manfaatlari uchun ham xizmat qiladi.
-
Islom Markaziy Osiyoda uzoq va boy tarix hamda o'ziga xos ko'rinishga ega. E'tiqod erkinligi hurmat qilinishi, din jamiyat farovonligi yo'lida muhim omil ekani tan olinib, xavfsizlik va erkinlikni ta'minlashda muvozanatli siyosat olib borilishi lozim. Vashington bu borada ko'makka tayyor.
-
Bugun ekstremist kuchlar Markaziy Osiyoga kamroq tahdid solmoqda. Lekin ularga qarshi harakatlarni susaytirmaslik kerak. Mintaqa xavfsizlik kuchlari ishni eplay oladi va Amerika bu borada madad ko'rsatishda davom etadi. O'tgan yilning o'zida buning uchun 250 million dollar sarfladi.
-
Fuqaro jamiyatini rivojlantirish kerak. Qonun ustuvor bo'lishi, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, chetdan sarmoya oqimini oshirish uchun oshkoralik suv va havodek zarur.
-
Markaziy Osiyo hukumatlari muammolarda qo'shnilarni va tashqi dunyoni ayblamay, yechimni o'zidan qidirishi kerak. Amerika shuni anglab yetganki, ikkitomonlama aloqalarda hamma sohalar bir-biriga chambarchas bog'liq. Bir jabhada yaxshi hamkorlik qilish uchun boshqa jabhalar ham siljishi shart.
-
Hukumatlar iqtisodiy integratsiya zamon talabi ekanini tushunishi, chegara masalalarini hal etib, o'zaro hamkorlikni kengaytirishi kerak. Mintaqa birdam bo'lmasa, biror jamiyat farovonlik tomon ildam qadam tashlay olmaydi.
-
Obama ma'muriyati Rossiya va Xitoy bilan mintaqada raqobatda emas. Rossiya va Xitoy yaqin qo'shnilar sifatida Markaziy Osiyoning muhim hamkorlari bo'lib qoladi va Amerika mintaqa tinchligi va farovonligi yo'lida ular bilan ishlashga shay.
Yuqoridagi bayonot qator savollar tug'diradi. Huquq himoyachilari Obama ma'muriyatini ko'zbo'yamachilikda, ikkiyoqlama siyosatda qoralasa, mintaqa rasmiylari Vashingtonda yangrayotgan tanqid va tavsiyalarni inkor etib, Amerikani ularni va Markaziy Osiyodagi asl vaziyatni tushunmaganlikda ayblaydi.
Bleyk singari yetakchi diplomatlar esa diplomatiya murakkab masala ekani, bir paytning o'zida hammani birdek xursand qilish mumkin emasligi, har bir davlat baribir o'z manfaatini ustun qo'yishi va har bir xalq o'z kelajagini o'zi belgilashini uqtiradi.