Breaking News

O'zbekiston-AQSh harbiy hamkorligi nimaga asoslanadi? Amerikalik ekspert bilan suhbat


O'zbekiston qurolli kuchlari
O'zbekiston qurolli kuchlari
Xavfsizlik sohasi hozir Amerika va Markaziy Osiyo davlatlarini yaqindan bog’lab turgan zanjirlardan biri. Xususan, Afg’oniston va terrorizmga qarshi kurash yo’lidagi hamkorlik haqida gap ketmoqda.

Yaqinda Vashingtonda AQSh Kongressi huzurida gapirgan strategik maslahatchilardan biri, sobiq harbiy Natan Barrik (Nathan Barrick) fikricha Amerika hozirgi sa’y-harakatlarini davom ettirishi kerak, ammo ortiqcha yordam berishga hojat yo’q.


AQSh-O'zbekiston, harbiy hamkorlik/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:28 0:00
Yuklab oling

Ekspertni suhbatga tortdik.

BARRIK: “Xavfsizlik bobidagi hamkorlikni davom ettirish juda muhim, ammo hozirgidan ko’proq ko’mak ko’rsatish zarur emas. Afg’oniston Amerika chiqib ketganidan keyin yana urush maydoniga aylanadi va bu beqarorlik Markaziy Osiyoga o’tishi mumkin degan taxmin va xavotirlar bor, albatta, lekin hozirdan bu borada biror xulosa qilish qiyin. Nazarimda mintaqa davlatlari o’zini o’zi himoya qilish uchun yetarli kuchga ega va Amerika madadisiz ham mavjud tahdidni bartaraf eta oladi”.

AMERIKA OVOZI: Sizningcha, Afg’oniston va Pokistondagi ekstremist kuchlar mintaqaga qanchalik tahdid solmoqda? Obama ma’muriyati deydiki, biror respublikaga favquloqqa xavf yo’q. O’zbekiston va Tojikiston rasmiylarining aytishicha esa Shimoliy Afg’onistonda jangarilar soni ko’paygan.

BARRIK: O’zbekiston va qo’shni davlatlardagi tuzumlarni o’ziga dushman deb biladigan va ularni ag’darishni maqsad qilgan guruhlar bor, masalan O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi. Oxirgi marta 2004-yilda (Toshkentda) hujumlar qilganini bilamiz. 2007-yilda Germaniyadagi xurujlarda ayblandi. Lekin bugunga kelib ular juda zaiflashgan va nazarimda, katta hujumlar qilishga qodir emas. Ular Afg’on-Pokiston chegarasida qamalib qolgan va hali beri u yerdan chiqa olmasa kerak. O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi a’zolari soni kamayib ketgan. Men ishongan barcha manbalardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, uzog’i bilan umumiy hisobda ular 200 kishi. Afg’oniston shimolida jangarilarning tarafdorlari, ularga sodiq kuchlar bo’lishi mumkin, ammo bu katta kuch demagan bo’lar edim.

AMERIKA OVOZI: AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’oniston viloyatlari xavfsizligi uchun javobgarlikni birma-bir mahalliy kuchlarga topshirib, bu zaminni tark etish harakatida ekan, ular Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat va yaqin kelajakda nima bo’lishi mumkinligi haqida o’zaro gaplashib turishadimi? Harbiylar orasida qanday fikrlarni eshitasiz?

BARRIK: Markaziy Osiyo haqida ko’p gaplashishadi, ayniqsa Transport qo’mondonligi va Markaziy qo’mondonlik Shimoliy Ta’minot Tizimi (mintaqa orqali Afg’onistonga yuk tashiladigan yo’nalish) xususida doimiy muloqotda. Mintaqa, AQSh harbiylari nazarida juda muhim.

AMERIKA OVOZI: Shu bois ham Vashingtonda bir narsa ko’p quloqqa chalinadi: Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni bugun aynan AQSh Mudofaa vazirligi belgilaydi, Davlat departamenti yoki hukumatning boshqa organlari emas. Bu gap qanchalik asosli? Haqiqatan shundaymi?

BARRIK: Harbiylarning roli katta ekani sir emas. Lekin general va qo’mondonlar fikri naqadar muhim bo’lmasin, siyosatni prezident belgilaydi. Tashqi siyosatni amalga oshirish mas’uliyati Davlat departamentiga yuklangan. Harbiylar ma’muriyat yo’rig’isiz hech narsa qilmaydi. Aytmoqchimanki, barcha agentliklar, vazirliklar, rasmiylar, harbiylar va diplomatlar kelishib qadam tashlaydi. Boshqa davlatlar uchun Pentagon bilan yaqindan aloqada bo’lish katta yutuq, lekin vazirlik AQSh hukumatining bir qismi, yakkaxon organ emas.

AMERIKA OVOZI: AQSh razvedkasi yaqinda e’lon qilgan bayonotga ko’ra, Markaziy Osiyoda beqarorlikka yetaklashi mumkin bo’lgan sabablar tashqi emas, asosan ichki.

BARRIK: Mintaqadagi vaziyatni, global maydondagi o’zgarish va mojarolarni uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan mutaxassis sifatida shuni ishonch bilan aytamanki, beqarorlik ko’p hollarda ichki omillardan kelib chiqadi. Tuzum tabiati, xalq undan qanchalik rozi-noroziligi, iqtisodiy ahvol, adolat qanchalik ta’minlangani, ijtimoiy illatlar … Ichki dinamikada gap ko’p.

AMERIKA OVOZI: Vashingtonda Markaziy Osiyodagi biror davlat, masalan O’zbekistonga harbiy yordam berish haqida gap ketganda, ikki turlicha siyosiy fikrni eshitamiz. Bir tomon “ha, yordam berish kerak”, deydi, ikkinchi tomon “yo’q, aslo yordam bermang, chunki siz uzatgan qurol-aslaha xalqni ezish uchun ishlatiladi”, deydi. Lekin oxirgi paytda shunday maslahatlar ham yangrayaptiki, ularga ko’ra, AQSh harbiy ko’mak orqali Islom Karimov va uning ma’muriyati ustidan o’z ta’sir kuchini oshirishi mumkin. Siz nima deysiz?

BARRIK: Juda o’rinli savol… O’zbekiston nazarida Afg’onistonda vaziyat kelajakda yanada yomonlashishi va respublika hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Terrorist guruhlar qaytib kelib, yana mavjud tuzumga tahdid solishi mumkin. Men O’zbekistondan so’ragan bo’lar edimki, siz o’zingiz bu ehtimoliy xavfni bartaraf etish uchun nima qilayapsiz? Hozir O’zbekiston Amerika diqqatidan foydalangan holda, aynan AQSh manfaatlarini ro’kach qilgan holda, undan yordam so’rayapti va aynan shu bois ham ko’mak ko’rsatilayapti. Agar O’zbekiston haqiqatan ham kelajakdan xavotirda bo’lsa, o’z siyosatini yangilashi kerak, yaqin qo’shnilari bilan aloqalarni mustahkamlashi kerak, masalan Tojikiston bilan. Mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikni oshirishi kerak.

AMERIKA OVOZI: Amerika rasmiylari harbiy yordam berilsa ham u qurol yoki jangovar vosita bo’lmaydi deb qayd etishadi. Lekin harbiy yordam – harbiy yordam, shunday emasmi? Xavfsizlik kuchlariga kuch bag’ishlovchi anjomlar. Biror bir vositani jangovar yoki jangovar emas deb qanday ajratish mumkin?

BARRIK: To’g’ri, harbiy vosita borki, jangovar maqsadda ishlatilishi mumkin. Lekin zamonaviy vositalar aloqa va xavfni o’z vaqtida aniqlash salohiyatini oshiradi. Rasmiylarimiz aynan nima uzatilayotganini ochiq tushuntirishi va masalaga oydinlik kiritishi kerak.

AMERIKA OVOZI: Masalan, yaqinda AQSh O’zbekistonga pilotsiz uchadigan kuzatuvchi havo vositalari berishga qaror qildi. Aniqlashimizcha, ayni damda O’zbekiston Amerikadan harbiy vertolyotlar, xususan “Blackhawk”lar so’ramoqda. Bu vositalar qanchalik jangovar yoki no-jangovar?

BARRIK: Pilotsiz kuzatuvchi havo vositalari, robotsimon apparatlar, kamera osilgan monitoring vazifasini bajaradi, ko’p hollarda chegarachilar tomonidan ishlatiladi. Harbiy vertolyotlar, xususan “Blackhawk”lar transport vositalari hisoblanadi. Lekin, yuqorida aytganimizdek, har qanday vosita odam o’ldirish uchun qo’llanishi mumkin. Biz biror narsani jangovar yoki no-jangovar deb ataganimizda, bu asbobdan eng oliy maqsad nima ekanini nazarda tutamiz. Masalan, durbin bu ko’rish vositasi, vertolyot esa yuk yoki odam tashish.

AMERIKA OVOZI: Harbiy yordam qanday shartlar asosida beriladi?

BARRIK: Odatda qurol sotilganida yoki yordam sifatida uzatilganida o’ziga xos shartlar qo’yiladi, masalan, AQSh ularni muntazam ravishda tekshirib, soni va sifatini ko’zdan kechirib, ko’zlangan maqsadda qo’llanayotganini ta’minlash uchun. Ularni ta’mirlash yoki qismlarini yangilash mas’uliyati ham Amerika bo’ynida bo’lishi mumkin. Vositalarni qanday ishlatishni ham AQSh tomon o’rgatishi mumkin.

AMERIKA OVOZI: Agar biror vosita noto’g’ri yoki nomaqbul maqsadda ishlatilgani yoki ishlatilayotgani aniqlansa, Amerika nima qiladi?

BARRIK: Juda murakkab savol, Navbahor. Aniq javob bera olishim uchun ko’p narsani o’rganishim kerak! Bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, harbiy kelishuv buzilsa, ko’p hollarda uni buzgan tomon eng ko’p zarar ko’radi. Qurol yoki anjom Amerikadan kelgan bo’lsa, uni yangilash yoki tuzatish uchun bu davlat yordamiga muhtojsiz. Xavfsizlik bobidagi bitimlarni buzgan tomonlar butun aloqaning pachavasini chiqarishi mumkin. Davlatlar ko’p hollarda buni yaxshi biladi va aksariyat hollarda buzishmaydi deb ayta olamiz.

AMERIKA OVOZI: O’zbekiston, masalan, AQShdan harbiy yordam so’rab, bu davlat bilan uzoq muddatli yaqin hamkorlikni ta’minlashga harakat qilayapti, deyish mumkin, shundaymi?

BARRIK: Fikrimcha, shunday. Prezident Islom Karimov Amerikaning huquq va islohotlar haqidagi tanqidi yoqmasligi aniq. Shunga qaramay O’zbekiston Vashington bilan yaqinlashishga urinmoqda. O’zbekiston tomon tanqidchilar talabini qondirmasligi ham aniq. Shu bois chigal masalalalar hali beri yechilmaydi. Biroq O’zbekiston Amerikadan uzoqlashmoqchi emas. Undan yordam so’ramoqda va hamkorlikni kengaytirish umidida. Shuning uchun aloqalar kelajagi haqida men optimistik fikrdaman. O’zgarishlar bo’ladi, ularni chetlab o’tolmaymiz. Nazarimda o’zbekistonliklarning o’zlari o’zgarish kutib o’tiribdi. Amerika ham biladiki, yordam uzoq muddatni, yangi zamonlarni ko’zlashi kerak.

AMERIKA OVOZI: Katta rahmat!

BARRIK: Sizga ham rahmat! Suhbatdan bag'oyat mamnun bo'ldim.

AQSh-Markaziy Osiyo, xavfsizlik/US-Central Asia, security/Interview with Nathan Barrick
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:18 0:00


US-Central Asia Security Cooperation/VOA interview with Nathan Barrick, strategic consultant
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:18:34 0:00
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG