Breaking News

O'zbekiston inson huquqlariga e'tiborni oshirmoqchi


Oliy Majlis, Toshkent
Oliy Majlis, Toshkent
O’zbekiston rasmiylari inson huquqlari borasida qabul qilingan xalqaro qonun va shartnomalarga to’liq rioya qilish bo’yicha chora-tadbirlarni kuchaytirayotgani haqida ma’lum qilgan. Mamlakat bosh prokuraturasi inson huquqlari buzilishiga oid xatti-harakatlar uchun javobgarlikni oshiruvchi qonun loyihasini Oliy Majlisga taqdim etmoqchi. Agar loyiha qonunga aylansa, inson huquqlari buzilishiga yo’l qo’ygan davlat idorlaridagi mansabdor shaxslarni jazolash choralari yanada kuchaytiriladi. Huquq himoyachilari esa tashabbusga shubha bilan qaramoqda.

O'zbekiston va inson huquqlari, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:44 0:00
Yuklab oling

O’zbekiston Bosh prokuraturasi tashabbusi inson huquqlariga oid kutilayotgan BMT sessiyasi arafasida e’lon qilindi.

22-apreldan boshlanadigan xalqaro anjumanda O’zbekiston hukumati delegatsiyasi mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha hisobot berishi kerak.

Oliy Majlisga taqdim etilishi rejalangan qonun loyihasi inson huquqlari buzilgan holatlarda davlat idoralaridagi mansabdor shaxslar javobgarligini oshirishni ko’zda tutadi. Bu haqda Respublika Bosh prokurori Rashid Qodirov Oliy Majlis yalpi yig’inida gapirgan.

Loyiha tafsilotlari hali ma'lum emas. Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o’rta ta’lim vazirliklari va boshqa shu kabi davlat idoralarida inson huquqlari buzulishi holatlari qayd etilgani ta’kidlanadi.

Huquq himoyachilarining aytishicha, tergov jarayoni va qamoqxonalarda qiynoq keng qo’llaniladigan, siyosiy va diniy haq-huquqlar qattiq cheklangan mamlakatda inson huquqlariga doir ahvolning keskin yaxshilanishini kutish amri mahol.

Inson huquqlarini eng ko’p poymol qiluvchi davlat idorasi bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar ekani aytiladi. Bosh prokuratura loyihasida bu haqda hech qanday ma’lumot berilmagan.

BMT sessiyasi uchun muqobil hisobot tayyorlashda qatnashgan huquq himoyachisi Surat Ikromov taqiq ostida qolayotgan erkinliklarga e’tibor qaratadi.

“Muqobil dokladda, asosan, duniy e’tiqod va so’z erkinligi, shuningdek, yig’ilish, namoyishlar o’tkazish erkinligi taqib ostida qolayotganiga ahamiyat berilgan. BMTning 16- sessiyasida bu doklad ham muhokama qilinadi, O’zbekiston hukumati delegatsiyasi savolga tutiladi, tavsiyalar qanchalik bajarilgan yoki bajarilmagani tekshiriladi. Albatta, bu talablarning hammasi bajarilishi mumkin bo’lgan narsalar. Biroq muammoni davlatning o’zi sun’iy ravishda yaratmoqda, kuch ishlatar tuzimlari orqali. Shuning uchun ham bu narsa faqat hukumat rahbari xohishiga bo’gliq deb o’ylayman”, - deydi o’zbekistonlik huquq faoli.

Davlat idoralaridagi ayrim rahbarlar uchun inson huquqlari atamasi yangilikdek ko’rinsa-da, Bosh prokuratura tashabbusi umid uyg’otadigan xabar, deydi Surat Ikromov.

“Albatta, yaxshi tashabbus, agar shunday qonun qabul qilinsa. Ko’p rahbarlar inson huquqlari o’zi nimaligini tushunmaydi. Qayerda, qanday huquqlar buzilayapti, bilishmaydi. Hozir huquq himoyachilari ozaygani uchun axborotning o’zi kamayib ketgan, ko’plar qamoqda o’tiribdi, ayrimlari tazyiqlar bois mamlakatdan chiqib ketgan”, - deydi u.

Surat Ikromovning aytishicha, inson huquqlari borasidagi vaziyat ayanchli va tashabbus qog’ozda qolib ketmasligi kerak.

“Fikrimcha, hukumatda o’zgarishlar zaruriyatini his qilishmoqda. Masalan, biz BMTga haqiqiy ahvol haqida axborot beramiz, gapiramiz. O’zbekiston rahbarlariga ham inson huquqlari masalasida savol beriladi, bu boradagi hujjatlar taqdim qilinadi. Hukumat rahbarlari bunday noqulayliklardan qutilish uchun ham biror o’zgarish qilish zarurligini tushunishmoqda, deb o’ylayman. Biroq bu narsani qanday ishlashi haqida gapirishga hali erta”, - deydi Surat Ikromov.

O’zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat, ayniqsa, muntazam tus olgan qiynoqlar BMT tomonidan ham keskin tanqid ostiga olingan. BMT Inson huquqlari qo’mitasi O’zbekiston hukumatiga vaziyat yuzasidan, xususan, qiynoqlarni bartaraf etish bo’yicha o’z tavsilarini bergan. Biroq bu tavsiyalar hali O’zbekiston hukumati tomonidan jiddiy e’tiborga olingani yo’q.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG