Qirg'izistonlik ekspert: Mintaqada ekstremizm hanuz katta xavf

Keyingi yillarda Qirg’izistonda diniy ekstremizm va radikalizm ko’rinishlari kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Aqidaparastlik va taqlidchilik, ayniqsa, yoshlar hamda ayollar orasida avj olayotgani aytiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko'ra, IShID saflarida kamida yetti yuz nafar Qirg’iziston fuqarosi bor.

Qirg’iziston Respublikasining diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi (2014 - 2020 yillarga mo’ljallangan) vijdon va e’tiqod erkinligi tamoyillarini tatbiq etish bilan birga qonun ustivorligi hamda jamoat xavfsizligini ta’minlah choralarini ham ko’zda tutadi.

Radikal g’oyalarga tayangan diniy oqimlar mintaqa o’lkalariga qanday tahdid tug’dirmoqda? Xavf-xatarga qarshi qanday chora-tadbirlar amalga oshirilyapti?

“Amerika Ovozi” bishkeklik yozuvchi, sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli ekspert Begijon Ahmedovning fikr-mulohazalariga quloq tutdi.

“Markaziy Osiyo o’lkalarida turli radikal oqimlar yoshlar orasida o’z g’oyalarini faol targ’ibot qilayotgani, DAISh kabi ekstremistik, terroristik tashkilotlar internet orqali o’z saflariga chorlayotgani - bu bor gap”, - deydi suhbatdosh.

Unga ko'ra, ayniqsa, hayotda o’z o’rnini topa olmagan, islom dinini yaxshi o’rganmagan yoshlar har-xil radikal guruhlar saflarini to’ldirmoqda.

Mahalliy axborot vositalariga binoan, oxirgi paytlarda xalqaro koalitsiya zarbalari oqibatida jangarilar Suriya va Iroqdan qochib, o’z vatanlariga qaytish payiga tushgan. Ko’plari Afg’onistonda boshpana topishga urinayotgani aytiladi.

Ushbu guruhlarning Markaziy Osiyo o’lkalariga kira boshlashi ehtimoli qanchalik mavjud?

“Darhaqiqat, Afg’oniston jang maydonidan qochayotgan guruhlar uchun eng qulay maskan. Markaziy hukumat salohiyati sust, o'lkada beqarorlik hukmron. Turli siyosiy, diniy guruhlar o’z hukmini o’tkazib keladi. Bu joyda jangarilar yana kuch to’plashi mumkin. Tolibonning Markaziy Osiyoga tahdid qilishiga ishonmayman. Ammo toliblar har tarafdan kelayotgan terroristik guruhlarga yordam berayotgani, ularga imkon tuzayotgani tashvish uyg’otadi”, - deydi Begijon Ahmedov.

Markaziy Osiyo o’lkalarida diniy vaziyatning, ekstremizmga qarshi kurash amaliyotining ham o’xshashligi, ham o’ziga xosligi bor.

”Aytaylik, Qozog’iston va Tojikistonda salafiylik, tafsirchilik oqimlari anchadan beri ko’rinsa, Qirg’izistonda ular so’ngi yillarda faollashgan. Qo’shni davlatlardan farqli o’laroq, da'vatchilik bilan mashg’ul Tablig'i jamoat Qirg’izistonda rasman faoliyat yuritib keladi”, - deydi suhbatdosh.

Mintaqa o’lkalarida jami oltmishga yaqin tashkilot ekstremistik, radikal yoki terroristik harakatlarda ayblanib, sud qarori bilan taqiqlangan.

“Yaqinda tegishli idoralar informatsion tahdidga qarshi kurash vositalarini yo’lga qo’ydi. Mintaqada ektremistik ruhda tashviqot olib borayotgan ko’plab internet saytlar yopildi”, - deydi mutaxassis.

Suhbatdosh radikal oqimlarga undayotgan shaxslarni, ularni moliyalashtirayotgan tashkilotlar va odamlarni qonun doirasida javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblaydi.

“Ayni paytda salbiy, xatarli ko’rinishlarga qarshi qurash nafaqat davlat idoralari va kuch tizimlarining vazifasi, bu ishda keng jamoatchilikning faol ishtiroki lozim”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Qirg’iziston jamiyatida oxirgi yillarda o’ziga xos bo’linish belgilari sezila boshladi. Dunyoviy tuzum va dunyoviy qadriyatlar sharoitida yashashni xohlayotgan odamlar hamda faqat shar’iy hukmlarga qat’iy rioya qilgan holda, go’yoki islom davlatida hukm suruvchi qoidalar asosida umr kechirishni istayotganlar orasida qarama-qarshilik ko’zga tashlanmoqda.. Aholining bir qismini da'vatchilarning va har-xil diniy oqimlar vakillarining bosimi, xiraligi tashvishga solayotgani haqida xabarlar bor.

“Islom dinida majburlash yo’q. Albatta, har ikki taraf o’zaro sabrsizlikdan, shubha-tortishuvlardan uzoq bo’lishi kerak. Mustaqillik bergan keng imkoniyatlar, huquq va erkinliklardan oqilona foydalanish lozim. Nozik masalalarda mutaxassislar so’z yuritgani afzal”, deya xulosa qiladi bishkeklik yozuvchi, sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli ekspert Begijon Ahmedov.