Markaziy Osiyoda Ukrainadagi voqealarga munosabat qanday?

Qrimning Rossiyaga qo’shilishi dunyoda turlicha izohlanmoqda. Ayrim davlatlar Qrimdagi referendumni Ukraina hududiy daxlsizligiga tahdid deb atagan bo’lsa, boshqa mamlakatlar nazarida yarimorol aholisining aksariyati shuni xohlar ekan, uni hurmat qilish kerak. Markaziy Osiyoda Rossiyaning bu siyosati qanday qabul qilinmoqda?

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng hududda bir necha mojaro ro’y berdi. Shulardan eng qonlisi Tog’li Qorabog’ talashgan Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida kechdi. Rossiyaning harbiy madadi bilan Sovet paytida Ozarbayjon hududida joylashgan Tog’li Qorabog’ undan ajralib chiqdi.

Armaniston Qorabog’ni o’ziga qo’shib olmagan bo’lsa-da, u yerdagi arman aholi va hukumat rasmiy Yerevan siyosati bilan hamfikrdir. Xalqaro hamjamiyat shu kungacha Tog’li Qorabog’ning hozirgi maqomini tan olmagan, Ozarbayjon esa uni kuch bilan bo’lsa-da, qaytarib olishga umid qilmoqda.

Rossiya SSSR davrida Moldaviya tarkibida bo’lgan Pridnestrovyeni ham rasmiy Kishinyovga qarshi mojaroda qo’llab-quvvatladi. Pridnestrovye ham bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

Shuningdek, 2008-yilda rus qo’shinlari Gruziyadan ajralib chiqmoqchi bo’lgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yordam berdi.

16-mart kuni esa 1954-yildan beri Ukraina tarkibida bo’lgan Qrim aholisi referendumda Rossiyaga qo’shilish istagini bildirdi. Prezident Vladimir Putin Qrimni ruslarning tarixiy yeri deb atadi.

Referendum natijasini AQSh, Ukraina, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va yana bir necha mamlakat tan olmadi. Tabiiyki, Rossiya harakatini qoralab chiqqan mamlakatlar orasida Moskva sabab hududidan ayrilgan Gruziya, Ozarbayjon va Moldovani ko’rish mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlarichi? Ular bu borada nima dedi?

Rossiyaning Bojxona Ittifoqidagi hamkori Qozog’iston referendumda Qrim xalqining xohish-irodasi aks etdi, deya yarimorolning Rossiyaga qo’shilganiga qarshi chiqmadi. Vaholanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yolg’iz Qozog’iston Rossiya bilan umumiy chegaraga ega va shimoldagi bu hududlar ham bir vaqtlar rus yerlari bo’lgan.

O’tgan hafta Qirg’iziston ham Qozog’iston kabi Qrimdagi referendum natijasini tan oldi. Unga ko’ra, jarayonga qanday baho berilmasin, avtonom respublika aholisining katta qismi Rossiyaga qo’shilishga qaror qildi va bu obyektiv voqelikdir.

Betaraf Turkmaniston bu haqda bayonot bermaslikni afzal ko’rdi. Tojikiston ham sukut saqlamoqda, ammo mintaqa davlatlari orasida Rossiya harbiy bazasiga ruxsat bergan yagona mamlakatning Kreml pozitsiyasiga xayrixohligini payqash qiyin emas. Ayniqsa, Tojikiston iqtisodiyotini tebratayotgan salkam ikki million mehnat muhojirining Rossiyada ishlayotganini, respublika Rossiya iqtisodiy yordamiga muhtoj ekanini hisobga olsak.

O’zbekiston Qrimdagi referendumdan bir necha kun oldin ilk bayonotini chiqardi. Unda Ukrainadagi voqealarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi mumkinligi, bu esa O’zbekistonda chuqur xavotir va tashvish uyg’otishi aytildi. 24-mart kuni ikkinchi bayonot chiqdi.

O’zbekiston Ukraina va Rossiyani yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun bevosita muzokara qilishga chaqirdi hamda har qanday davlatning hududiy daxlsizligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo’llashga qarshi ekanini bildirdi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi ruslar xavfsizligini o’ylab Qrimni o’ziga qo’shib olgan, Kreml aksariyat aholisi ruslar bo’lgan Ukraina janubi va sharqida muvaqqat hukumatga qarshi harakatlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Boshqa tahlilchilar nazarida esa Sovet Ittifoqining parchalanishini 20-asrning eng katta fojiasi deb atagan Vladimir Putin imperiyani tiklamoqchi. Qrimning unga qo’shilgani bu yo’ldagi birinchi qadam. Yaqin orada Ukrainaning janubiy va sharqiy hududlari, so’ng Boltiqbo’yi va Markaziy Osiyo davlatlarining boshiga ham Qrimning kuni tushishi mumkin deganlar ham bor.

Yaqingacha Garvard universitetida Markaziy Osiyo dasturini boshqargan, hozir esa Ostonadagi Nazarboyev nomidagi universitetda Yevrosiyo bo’limi direktori Jon Shoberlinning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari Markaziy Osiyo rahbarlarida ham xayrixohlik, ham tashvish uyg’otmoqda.

"Rossiya G’arbning demokratlashtirish harakatlari Ukrainada beqarorlikka sabab bo’lmoqda, deb aytib keladi. Mintaqa rahbarlariga siyosiy tuzumning ommaviy namoyish natijasida ag’darilishi yoqmaydi. Biroq shu bilan birga Ukrainadagi voqealarni kuzatayotgan odamning xayolidan Markaziy Osiyoda ham ozchilik rus aholi bor, Kreml hukumatlarga bosim qo’yishda bu omildan foydalanishi mumkin degan o’ylarning kechishi tabiiy hol", - deydi olim.

Professor Shoberlinning aytishicha, Markaziy Osiyoda ruslarga nisbatan munosabat ijobiy, shu paytgacha ularga qarshi milliy nizo chiqmagan, ammo bu hol kelajakda bahona bo’lib xizmat qilishi mumkin.

Siyosatshunosga ko’ra, prezident Viktor Yanukovichning ag’darilishiga olib kelgan namoyishlarga uning Yevropa bilan yaqinlik haqidagi bitimni rad etgani sabab bo’ldi. Kreml esa Kiyevni o’z tomoniga tortib, Bojxona Ittifoqiga kiritmoqchi bo’ldi.

"Ittifoq a’zolaridan biri Qozog’iston Rossiya bilan yaxshi aloqada bo’lish muhim ekanini tushunib yetgan, garchi ayrim qadamlar Qozog’iston manfaatlariga to’liq javob bermasa-da. Ko’p fuqarolar Bojxona Ittifoqidan iqtisodiy foyda kutmaydi. Ular nazarida bu siyosiy maqsadda qilinayotgan ish", - deydi Nazarboyev universiteti professori.

Shu sababdan, deydi Jon Shoberlin, Qozog’iston Qrim masalasida Rossiyani qo’llab-quvvatlashga majbur bo’ldi.

Professor Shoberlin Markaziy Osiyoda Rossiyaga xayrixohlikni yana bir omil bilan izohlaydi.

"Qozog’istonda Rossiya matbuotining ta’siri juda katta. Unda AQSh va G’arbiy Yevropa boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashayotganlikda tanqid qilinadi va qozog’istonliklar bunday siyosatni qoralaydi. Rus matbuotining Ukrainada rejimga qarshi oddiy xalq ko’tarilmagan, tuzum tashqi aralashuv natijasida quladi, degan gapiga Qozog’istonda ishonishadi", - deydi Jon Shoberlin.

Qozog’iston Strategik izlanishlar institutining yaqinda o’tkazgan so’rovi aholining katta qismi Markaziy Osiyo davlatlari bilan integratsiyadan ko’ra kelasi yili Bojxona Ittifoqi asosida tuzilishi kutilayotgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini afzal ko’rishini aniqlab berdi. Bu esa Qozog’istonda ishlayotgan amerikalik tahlilchining respublika Rossiya bilan hamkorlik qilishga majbur degan gapining aksidir.